O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
30 iyul 2019

O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi: “O‘zbekiston ne’matlariga Janubiy Osiyo bozorlarida talab yuqori”

Mamlakatimizning faol tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, mazkur jarayonda O‘zbekiston — Pokiston munosabatlari, ayniqsa, iqtisodiy yo‘nalishda yangi sur’at bilan rivojlanayotganini ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat SIDIQOV ana shunday mustahkam hamkorlik hamda aloqalarimizning istiqbollari haqida muxbirimizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat uchun barcha zarur imkoniyat va zaxiralar yaratilyapti. Natijada Pokistondagi salohiyatli importchilar bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarning yangi davri boshlandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Misol uchun, 2018 yildan ikki mamlakat o‘rtasida faol biznes aloqalarining yanada kengayishi va o‘zaro manfaatli tijoriy operatsiyalar salmog‘i ortishi bosqichi kuzatilmoqda.

O‘tgan yili Pokistonga mamlakatimiz eksporti hajmi 220 foiz o‘sib, 32,4 mln. AQSh dollarini tashkil etgani buning tasdig‘idir. Vaholonki, mazkur ko‘rsatkich 2017 yilda 10 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan, xolos. O‘z navbatida, 2018 yilda Pokiston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ham 190 foiz o‘sib, 98,4 mln. AQSh dollariga yetganini alohida qayd etish joiz.

Yurtimizda keyingi ikki-uch yilda qishloq xo‘jaligi sohasida klasterlar tashkil qilishga alohida kirishilganidan barchamiz yaxshi xabardormiz. Bunday ezgu tashabbus fermer xo‘jaliklari faoliyatining kuchayishiga turtki berishi barobarida, yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini katta miqdorda eksport qilishga imkoniyat yaratyapti. Masalan, Pokiston bozorlarida O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarga talab tobora ortmoqda. Buning natijasida 2018 yilda ushbu mamlakatga 22,2 mln. AQSh dollarilik, ya’ni 30 ming tonna meva-sabzavot sotildi. Qolaversa, Pokiston mamlakatimizdan meva-sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi yirik davlatlar o‘ntaligi (7-o‘rin)dan joy oldi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada kengaytirish maqsadida 2018-2019 yillarda yurtimizda Pokiston ishtirokida 20 dan ortiq savdo kompaniyalari va agrofirmalar tashkil qilindi. Hozir ular O‘zbekiston meva-sabzavotlarini Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazish, shuningdek, Pokistonning Karachi porti orqali Fors ko‘rfaziga olib chiqish bilan shug‘ullanmoqda.

Joriy yilning besh oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston savdo aylanmasida eksport hajmi 363 foiz o‘sishi hamda importning 45 foiz qisqarishi kuzatildi. Chunonchi, joriy yil yanvar — may oylarida eksport 25 mln. AQSh dollarini (2018 yilda — 9,8 million dollar) va import 14 million AQSh dollari (2018 yilda — 37 mln. dollar)ni tashkil qilgani e’tiborga molik.

2019 yilda ham mamlakatimizning Pokistonga asosiy eksport nomenklaturasi meva-sabzavot tovarlari bo‘lib turibdi. Shu yilning yanvar — may oylarida O‘zbekistondan Pokistonga 17 ming tonna, ya’ni 19,7 mln. AQSh dollari qiymatida shunday mahsulotlar eksport qilindi. Mosh, no‘xat, loviya kabi dukkakli mahsulotlar hamda gilos, olma, o‘rik kabi ho‘l va quritilgan mevalar, qulupnay, qalampir, pomidor, qovun singari sabzavotu poliz ne’matlari Pokiston bozorlarida eng xaridorgir bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, ushbu mamlakatning iste’mol bozori O‘zbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlarni oliy sifat belgisi, deb qabul qilayotir va zaminimizda pishib-etilgan ne’matlar Eron, Kanada, Myanma va Avstraliyadan keltiriladigan shunday tovarlar bilan to‘liq raqobatlashmoqda. Pokistonlik iste’molchilarning fikriga ko‘ra, respublikamiz mevalari betakror mazasi, turli darmondorilar, xususan, temir moddasiga boyligi bilan ajralib turadi.

Qisqacha aytganda, bundan keyin ham zaminimiz ne’matlariga nafaqat Pokiston, balki butun Janubiy Osiyo davlatlari bozorlarida talab yuqori bo‘ladi. Zero, quyosh nuriga to‘yingan, bobodehqonlarimiz mehri bilan oziqlangan sarxil meva-sabzavotlarimiz nafaqat dasturxonlarga o‘zgacha ko‘rk va fayzu baraka baxsh etadi, balki inson ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.



Автор: “Xalq so‘zi” gazetasi, 2019-yil 30-iyul soni
Просмотров: 776