×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
21:11:36 (GMT +5), payshanba, 18 - oktabr 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


19 - avgust 2014

BMT Konvensiyasi suv resurslaridan o’zaro ahillikda va adolatli foydalanishga ko’maklashadi

1997-yili dunyoning yuzdan ziyod mamlakati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro ochiq suv oqimlaridan kemalar qatnamaydigan turda foydalanish huquqi to’g’risidagi Konvensiyasini qabul qilish uchun birlashgan edi. Ushbu hujjat moslashuvchan va keng qamrovli global huquqiy asos bo’lib, u davlatlar o’rtasida bir ochiq suv oqimining taqsimlanishida undan foydalanish, boshqarish va muhofaza qilish bo’yicha hamkorlikning asosiy me'yorlari va qoidalarini belgilab beradi. Konvensiyaning 36-moddasiga ko’ra, u 35-ishtirokchi davlat tomonidan imzolangandan so’ng 90 kunlik muddat ichida kuchga kiradi. Joriy yil 19-may kuni Vyetnam ana shunday davlat bo’ldi. Shunga ko’ra, 2014-yilning 17-avgustdan e'tiboran mazkur Konvensiya kuchga kirdi.

BMT Xalqaro ochiq suv oqimlari bo’yicha Konvensiyasining kuchga kirishi transchegara daryolari suv resurslaridan xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan tamoyil va me'yorlari asosida foydalanish masalalari yuzasidan O’zbekiston Respublikasining nuqtai nazari asoslili va to’g’ri ekanligini tasdiqlaydi. O’zbekiston transchegara suvlaridan oqilona foydalanish masalalarini tartibga soluvchi ikki universal xalqaro huquqiy hujjat − Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining Transchegaraviy ochiq suv oqimlari va xalqaro ko’llarni muhofaza qilish hamda foydalanish bo’yicha Konvensiyasi (1992-yil, Xelsinki shahri) hamda BMTning Xalqaro ochiq suv oqimlaridan kemalar qatnamaydigan turda foydalanish huquqi to’g’risidagi Konvensiyasiga (1997-yil 21-may, Nyu-York shahri) qo’shilgan mintamizdagi yagona davlat hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro ochiq suv oqimlari bo’yicha Konvensiyasi eng muhim universal xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi. Unda davlatlarning umumiy ochiq suv oqimlariga nisbatan munosabatini belgilab beradigan “adolatli va oqilona foydalanish”, “jiddiy zarar yetkazmaslik majburiyati”, “hamkorlik qilish majburiyati” hamda “ekotizimlar muhofaza etilishi va ular ifloslanishining oldini olish” singari asosiy tamoyillar mustahkamlab qo’yilgan.

Ko’plab nufuzli xalqaro mutaxassislarning fikricha, ushbu Konvensiyaning kuchga kirishi o’z vaqtida ro’y bergan voqyeadir. Sayyoramizda 145 ta mamlakatni qamrab oladigan 270 dan ortiq xalqaro daryobo’yi hududlar mavjud. Ularda sayyoramiz aholisining 40 foizga yaqini istiqomat qiladi. Dunyo chuchuk suvi zaxirasining 60 foizga yaqini ularning hissasiga to’g’ri keladi. Umumjahon miqyosida o’sib borayotgan suv resurslarining taqchilligi sharoitida ulardan birgalikda foydalanish davlatlararo qarama-qarshiliklarning manbasiga aylanishi mumkin. Suv ustidan nazorat uchun raqobat iqlimning salbiy o’zgarishi ta'sirida ham kuchayib, ko’plab mintaqalarda siyosiy keskinlikka olib kelmoqda, shuningdek, sayyoramiz ekotizimiga salbiy ta'sir ko’rsatayotir.

- BMT Xalqaro ochiq suv oqimlari bo’yicha Konvensiyasining kuchga kirishi suv resurslaridan tinch yo’l bilan, xalqaro huquq me'yorlari asosida foydalanish bo’yicha davlatlararo kelishmovchiliklarni hal etish yo’lida muhim qadam bo’ladi, - deydi xalqaro suv huquqi bo’yicha nufuzli ekspert hamda yuqorida qayd etilgan Konvensiyaning hammualliflaridan biri Stifen Makkafri. - Bu yangilik transchegaraviy havzalarda joylashgan mamlakatlarning bahslarni hamkorlikning institutsional-huquqiy asoslarini takomillashtirish yo’li bilan hal qilish tomon harakatlarini rag’batlantiradi.

Britaniyalik professor Alistar Ryu-Klarke uning fikriga qo’shiladi:

- Shubhasiz, Konvensiyaning kuchga kirishi xalqaro suv huquqining yanada rivojlanishida muhim voqyea hisoblanadi, - deydi u.

Professorning ma'lumotlariga ko’ra, hozirgi vaqtda xalqaro suv havzalarining 60 foizdan ortig’i suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo’yicha tegishli xalqaro-huquqiy mexanizmlar bilan tartibga solinmaydi. Bu sohadagi ko’plabgina davlatlararo bitimlar tabiiy ofatlar bilan kurashish, axborot almashinuvi, maslahatlashuv va muzokaralar o’tkazish, bahslarni hal qilish mexanizmlari va boshqa muhim masalalarni qamrab olmaydi.

- Xalqaro ochiq suv oqimlaridan kemalar qatnamaydigan turda foydalanish huquqi to’g’risidagi konvensiyasi ushbu bo’shliqlarni to’ldirish va majud shartnomalarning kamchiliklarini bartaraf etishga qaratilgandir. U chuchuk suv zaxiralarining kamayishi, demografik o’sish, iqlim o’zgarishi, ekotizimlar degradatsiyasi va boshqa tahdidlar sharoitida tobora ortib borayotgan bosim ostida bo’lgan ko’p sonli transchegaraviy daryolarning resurslarini tartibga solish uchun yuridik mexanizmni taqdim etadi, − deydi ekspert.

- Amal qiluvchi global xalqaro-huquqiy mexanizmning mavjudligi suvga nisbatan oqilona yondoshuvning tasdiqlanishiga xizmat qiladi, unga muvofiq, “suv − umumiy boylik va insonning asosiy huquqidir”, − deya fikr bildiradi xalqaro suv masalalari bo’yicha ekspert, professor Kishor Upreti.

Mutaxassislar Konvensiya Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan foydalanish masalalarini hal qilishda ham muhim o’rin tutishi mumkinligi yuzasidan komil ishonch bildirishmoqda. Jumladan, YUNESKO huzuridagi Suv huquqi, siyosati va ilm-fani markazi (Niderlandiya) tomonidan Dandi universiteti (Shotlandiya) va “Yovvoyi tabiat jamg’armasi” nohukumat tashkiloti (WWF) bilan hamkorlikda tayyorlangan hisobotda qayd etilishicha, Orol dengizi havzasining barcha davlatlari BMT xalqaro ochiq suv oqimlari Konvensiyasiga qo’shilishdan naf olishlari mumkin.

- Mintaqa barcha mamlakatlarining qo’shilishi transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlab, umumiy suvlardan oqilona foydalanishning samarali tizimi yaratilishiga ko’maklashadi, − deb hisoblaydi tadqiqot hisobotining mualliflaridan biri, Markaziy Osiyo suv xo’jaligi davlatlararo muvofiqlashtirish komissiyasi direktorining muovini, huquq fanlari doktori Dinara Ziganshina.

Ekspertning fikr bildirishicha, Konvensiya qoidalarining Markaziy Osiyoda tadbiq etilishi yaxshi istiqbolga ega. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining 1992-yildagi Transchegaraviy ochiq suv oqimlari va xalqaro ko’llarni muhofaza qilish hamda foydalanish bo’yicha Konvensiyasi ishtirokchilari sanaladigan Qozog’iston va Turkmaniston kelajakda O’zbekistondan o’rnak olganlari holda BMT Xalqaro ochiq suv oqimlaridan kemalar qatnamaydigan turda foydalanish huquqi to’g’risidagi Konvensiyasiga qo’shilishlari mumkin.

- Konvensiyaning muloqot va hamkorlik, axborot almashuvi, bahslarni tinch yo’l bilan hal qilish vositasida umumiy suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish mexanizmlarini yaratishni nazarda tutuvchi qoida va protseduralari mintaqaning tobora keskin tus olayotgan suv muammolarini konstruktiv tarzda hal qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, transchegaraviy daryolarning yuqori oqimida joylashgan mamlakatlar orasida Konvensiya qoidalarini keng tushuntirishga qaratilgan ancha faol sa'y-harakatlarni amalga oshirishi maqsadga muvofiq bo’ladi. Ushbu mamlakatlarning nuqtai nazari va keltiradigan dalillarining tahlili ularda BMT Xalqaro ochiq suv oqimlari bo’yicha Konvensiyasida mustahkamlab qo’yilgan me'yor va tamoyillarni to’g’ri tushunish mavjud emasligini ko’rsatmoqda. Mazkur hujjat qoidalari faqat alohida tomonlarni emas, balki yuqori oqim va quyi oqim davlatlarining manfaatlarini baravar darajada aks ettiradi, − deya xulosa qiladi D.Ziganshina.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, Markaziy Osiyo barcha mamlakatlarining ushbu Konvensiyani qo’llab-quvvatlashi muhimligi ayondir. Zero, ushbu xolis va betaraf huquqiy mexanizmning qo’llanilishi mintaqada yuzaga kelayotgan bahsli masalalarning adolatli tarzda hal qilinishiga ko’maklashadi.



Muallif: “Jahon” AA
Marta o`qilgan: 6709