×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
21:22:59 (GMT +5), payshanba, 21 - iyun 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


25 - iyul 2014

Islohotlarni chuqurlashtirishning huquqiy mexanizmlari

24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bir kun oldin siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihalarini har tomonlama muhokama qilish yakunlariga ko‘ra ularni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Deputatlar o‘z ishini “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda har tomonlama muhokama qilishdan boshladilar. Qonun loyihasi Konstitutsiyaning Qonunchilik palatasi deputatlar guruhining tashabbusiga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutuvchi 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarni amalda ro‘yobga chiqarish doirasida ishlab chiqildi. Qonun loyihasida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunga, O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining kafolatlarini mustahkamlashga va vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Ushbu qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhi, qonun loyihasi uchun mas’ul bo‘lgan qonunchilik va sud-huquq masalalari, shuningdek, demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbir chog‘ida qonun loyihasini tayyorlashda kelib tushgan barcha taklif va fikr-mulohazalar umumlashtirildi. Shuningdek, majlisda tegishli soha ekspertlari, olimlari ishtirok etib, ushbu hujjatni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar berdilar.

Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildilar. Ushbu qonun loyihasi jinoyat-protsessual qonunchilikni yanada takomillashtirishga, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga, shuningdek, milliy qonun hujjatlarini xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan. Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi sud ishini yuritish chog‘ida yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini ijro etish uchun prokurorga yuboriladigan sud ajrimiga ko‘ra tiklash mexanizmini tartibga soluvchi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi ishchi guruhning kengaytirilgan majlisini o‘tkazdi. Unda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi, vazirlik va idoralarning vakillari, shuningdek, ekspertlar ishtirok etdilar. Qonun loyihasining barcha moddalarini har tomonlama muhokama etish chog‘ida ushbu hujjatni yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi.

Deputatlar muhokamasiga “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi o‘qishda kiritildi. Qonun loyihasi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi va ayrim qonun hujjatlari normalarini qabul qilingan qonunga muvofiqlashtirish zarurati tufayli ishlab chiqildi. Tegishli tuzatishlar “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi, “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga kiritilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda mas’ul qo‘mita tomonidan ushbu hujjatni yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qancha tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, fraksiyalararo debatlar o‘tkazildi. Ularda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari qonun loyihasini yaxshilash yuzasidan aniq tavsiyalar berdilar.

Moddama-modda muhokama qilish chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda deputatlar yuqorida qayd etilgan barcha qonun loyihalarini maromiga yetkazish, ularni o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi boshqa qonun loyihalari bilan birga qabul qilish uchun tayyorlashni mas’ul qo‘mitalarga topshirdilar.

Majlis kun tartibiga «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham (yangi tahrirda) ikkinchi o‘qishda kiritildi. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasida kotirovka, kotirovkalash, treyder, birjada bozorni manipulatsiya qilish, insayderlik axboroti, insayderlik bitimi, market-meyker, ikki tomonlama kotirovka, hosila vositalar kabi tushunchalar kiritilmoqda. Deputatlarning fikricha, ushbu hujjatning qabul qilinishi birja faoliyati va birjalar ishi masalalarida yagona huquqni qo‘llash amaliyoti uchun shart-sharoit yaratish, birja bozori ishtirokchilari, aksiyadorlar va davlatning manfaatlarini muvozanatga keltirish, mamlakatimiz birja bozorining jahon birja bozoriga uyg‘unlashuvi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini jahonning yetakchi birjalari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida ishchi guruh 50 dan ortiq tadbir o‘tkazib, ularda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari faol ishtirok etdilar. Ular tomonidan deputatlar, ekspertlar, olimlardan kelib tushgan barcha takliflar ko‘rib chiqildi. Ularning eng muhimlari ushbu hujjatni maromiga yetkazishda inobatga olindi. Qonunchilik palatasi har tomonlama va moddama-modda muhokama etish yakunlariga ko‘ra ushbu qonunni qabul qildi. Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.

Parlament quyi palatasining a’zolari “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini ijro etish maqsadida tayyorlangan va birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga katta e’tibor qaratdilar. Ushbu qonun loyihasida aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlashga doir davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilab beriladi.

Ushbu qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.

Qahramon Ergashev, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– O‘zbekistonda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini ro‘yobga chiqarish davom ettirilmoqda. Dastur doirasida sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda, yangi qoidalar va normalar ishlab chiqish davom ettirilmoqda. “Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham shular jumlasidandir. Ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda barqaror sanitariya-epidemiologik vaziyatni saqlash uchun aholi salomatligini asrash va turli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarning borishini tizimlashtiradi va tartibga soladi.

Biz qonun loyihasi qabul qilinishini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlagan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun investitsiya muhiti va biznes iqlimi yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidlamoqchi edik. Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini to‘xtatib turish sud tartibida amalga oshirilishiga e’tibor qaratmoqchi edim.

Sattor Rahmatov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq fuqarolarning sog‘lig‘ini asrash, shu jumladan, aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligining ishonchli normativ-huquqiy bazasini yaratishga doir keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bizning fikrimizcha, ushbu qonun loyihasi aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning kompleks tizimini mustahkamlashga ko‘maklashadi, shuningdek, ijro etuvchi organlar va nazorat qiluvchi xizmatlarga ushbu sohadagi ishlarning holatini nazorat qilish imkonini beradi.

Xususan, qonun loyihasida aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlash doirasida mehnat sharoitlariga qo‘yiladigan sanitariya-epidemiologik talablarni aniqlashtirish nazarda tutilmoqda, bu esa mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun teng va ijtimoiy jihatdan qulay mehnat sharoitlari yaratish, ularning o‘z kasbi bilan shug‘ullanishini ta’minlash masalalarini samarali hal etishga xizmat qiladi. Bu esa partiyamiz Dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Mavluda Alimova, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Bizning partiyamiz “Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini hamda bugun mamlakatimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli siyosatni qo‘llab-quvvatlagan holda aholining salomatligini mustahkamlashga, ijtimoiy xavfli kasalliklarning oldini olish va ularga barham berishga qaratilgan milliy davlat dasturlarini faollashtirish ushbu yo‘nalishdagi asosiy vazifalardan biri deb hisoblaydi.

Oysha Oxunova, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda jiddiy muammolar, davlat sanitariya nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatining holati va qo‘llash amaliyoti, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplari o‘rganildi. AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi mamlakatlarda sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtalikni ta’minlash masalalarini huquqiy jihatdan tartibga solish tajribasi e’tiborga olindi. Fikrimizcha, qonun loyihasida profilaktika ishlarini tashkil etish masalalariga va o‘tkazish tartibiga, xususan fuqarolarni gigiyenaga o‘rgatish va tarbiyalashga, sog‘liqni saqlash sohasidagi bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishga hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Ushbu masalalar aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlashning muhim omillari hisoblanadi.

Dilorom Fayziyeva, O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi a’zosi:

– Qonun loyihasi taraqqiyotning bugungi darajasini hamda atrof-muhit omillarining salbiy ta’siri bilan izohlanadigan kasalliklarning oldini olish masalalarini samarali hal qilishga qo‘yiladigan talablarni inobatga olgan holda aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan. Profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan jamoatchilikning faolligiga hamda vakolatli davlat organlarini qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq. Shuningdek, mamlakatimizning bugungi taraqqiyot bosqichida aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlashda jismoniy va yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va majburiyatlarini belgilab beruvchi va to‘ldiruvchi normalar katta ahamiyatga ega.

Hozirgi vaqtda atrof-muhitni va inson salomatligini asrash nafaqat davlatning, balki jamiyat, har bir fuqaroning vazifasiga aylanib borayotganligini va bu O‘zbekiston Ekologik harakatining dasturiy vazifasi ekanligini hisobga olgan holda ushbu qonun loyihasining konsepsiyasi bizning deputatlar guruhimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ushbu qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qulladi hamda uni birinchi o‘qishda qabul qildi. Mas’ul qo‘mitaga hujjatni kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash topshirildi.



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati
Marta o`qilgan: 4805