×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
09:01:57 (GMT +5), dushanba, 25 - iyun 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


22 - iyul 2014

O‘zbekiston Respublikasini 2014-yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yil 17-yanvarda bo‘lib o‘tgan mamlakatimiz hukumati majlisida belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyotimiz tarmoq va sohalarini o‘rta muddatli rivojlantirish dasturlarini davom ettirish shu yilning birinchi yarmida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlash, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini yanada muvozanatli rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratish imkonini berdi.

I.Iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan strategiyani davom ettirish, buning uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni jalb etish

Jahon iqtisodiyotini rivojlantirishda tavakkalchilik va ziddiyatlar kuchayib borayotganiga qaramasdan, mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha qabul qilingan strategiyani izchil va maqsadli amalga oshirish, shu maqsadda mavjud zaxira va imkoniyatlarni jalb etish joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotni 8,1 foiz oshirish imkonini berdi. Iqtisodiyotning mustahkam o‘sish sur’atlari inflatsiya darajasi pastligini, davlat byudjeti profitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foizni va mamlakat tashqi savdo aylanmasining 482,1 million dollarlik ijobiy saldosini ifoda etadigan makroiqtisodiy barqarorlik bilan ta’minlandi.

Ichki talabni rag‘batlantirish va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va ularning moliyaviy barqarorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning ijrosi natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,1 foiz, iste’mol tovarlari 10,8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,9 foiz, chakana savdo aylanmasi 13,7 foiz va xizmat ko‘rsatish hajmi 14,2 foizga oshdi.

Yuqori texnologiyali va zamonaviy obyektlar hamda quvvatlarni ishga tushirishni jadallashtirish, iqtisodiyot tarmoq va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, shuningdek, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini kengaytirish natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 10,8 foiz va qurilish ishlarini 17,4 foizga oshirishni ta’minladi.

Bank tizimining resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining umumiy kapitali 24,6 foiz, banklarning umumiy aktivlari 28,8 foiz, mijozlarning banklardagi jalb qilingan depozitlari 30,4 foizga ko‘paydi. Natijada mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 24,2 foizni tashkil qildi va bu xalqaro standartlarga nisbatan uch barobar yuqoridir.

2014-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari

(2013-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari

Yalpi ichki mahsulot 108,1

Sanoat mahsulotlari 108,1

Iste’mol tovarlari 110,8

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 106,9

Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 110,8

Qurilish ishlari 117,4

Chakana savdo aylanmasi 113,7

Pullik xizmatlar 109,7

Jami xizmatlar 114,2

Iqtisodiyot tarmoqlarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish maqsadida joriy yil boshidan past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan 144 korxonaning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, istiqbolsiz 10 korxonani tugatish va keyinchalik ular negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish sharti bilan yangi mulkdorlarga sotish bo‘yicha maqsadli «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Tasdiqlangan ushbu «yo‘l xaritalari» doirasida tadbirlarni amalga oshirish uchun shu yilning birinchi yarmida qiymati 290 milliard so‘mdan ziyod investitsiyalar jalb qilindi. Buning natijasida 109 korxona zarar ko‘rishdan chiqarildi (umumiy miqdorining 76 foizi) va ular 50,4 milliard so‘m daromad oldi, 2 mingta ish o‘rnini qayta tikladi. Umuman, qayta tashkil etilayotgan korxonalarda joriy yil boshidan buyon jami qiymati 3,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi, shuningdek, qiymati qariyb 118 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

«Yo‘l xaritalari»ni amalga oshirish bilan bir qatorda iqtisodiy nochor korxonalarni qayta tashkil etish va moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda ularni yangi mulkdorlarga topshirish ishlari davom ettirildi. Tegishli dasturlarga kiritilgan korxonalarni qayta tiklash uchun joriy yilning birinchi yarmida qiymati 1,1 trillion so‘mlik, shu jumladan, tijorat banklari kreditlari hisobidan 527,6 milliard so‘mlik investitsiyalar yo‘naltirildi. Natijada ushbu korxonalarda joriy yil boshidan buyon 1,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qiymati 92,8 million dollarga teng mahsulot eksport qilindi, qariyb 17,3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida yirik korxonalarda qiymati 94 million dollarlik 1,3 mingta ma’naviy va jismoniy eskirgan uskunalar almashtirildi, shuningdek, texnologik jarayonlar, xomashyo va materiallarni sarflash normalarini oqilona tashkil etish, yo‘qotishlar hamda noishlab chiqarish xarajatlarini bartaraf etish tadbirlari amalga oshirildi. Bu borada qabul qilingan chora-tadbirlar yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini o‘rtacha 8,9 foizga kamaytirish, sanoatda ish unumdorligini 6,3 foizga oshirish, yalpi ichki mahsulotda energiya sarfini 13 foizga qisqartirish imkonini berdi.

Ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash dasturlari, shuningdek, sanoat korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi sanoat tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishga yordam berdi.

Xususan, 2014-yilning birinchi yarmida mashinasozlik va metallni qayta ishlash (o‘sish sur’ati 117,1 foiz), qurilish materiallari sanoati (113,1 foiz), yengil sanoat (112,7 foiz, shu jumladan, paxtani qayta ishlash – 122,1 foiz, trikotaj – 122,3 foiz, tikuvchilik – 113,6 foiz), tibbiyot (112,8 foiz), qora metallurgiya (110,3 foiz), oziq-ovqat sanoati (107 foiz) kabi tarmoqlarda jadal rivojlanish ta’minlandi. Sanoat ishlab chiqarish umumiy tarkibida ushbu tarmoqlar ulushi 2013-yilning birinchi yarmidagi 53,8 foizdan 58,9 foizga yetdi.

Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon texnologik uskunalar xarid qilish va aylanma kapitalni to‘ldirish uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga tijorat banklari tomonidan 1,7 trillion so‘m (2013-yilning shu davriga nisbatan 119,2 foiz) hajmidagi kredit ajratildi. Natijada, iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmi 10,8 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 6,5 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari 13,8 foiz oshdi. Ularning sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi 2013-yilning birinchi yarmidagi 31,9 foizdan 36,4 foizga oshdi.

Tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada kengaytirish maqsadida qiymati 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Jumladan, elektr duxovka, gaz va elektr plitalar, konditsioner, elektr dvigatel va nasoslar, maishiy elektr asboblari, mislangan payvandlash simlari, avtomashinalar uchun antifriz, sport maydonlari uchun sun’iy qoplama, rezina asosli kovrolan, yangi turdagi bolalar o‘yinchoqlari, sport anjomlari va boshqa 200 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Umuman, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish natijasida import o‘rnini bosish samaradorligi 504,7 million dollarni tashkil etdi.

II.Yuqori texnologiyali va zamonaviy muhim sanoat obyektlari va quvvatlarni ishga tushirish, investitsiyaviy muhitni rivojlantirish

Yuqori texnologiyali va zamonaviy muhim obyektlar va quvvatlarni ishga tushirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnolgik yangilash jarayonlarini chuqurlashtirish, shuningdek, investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirish bo‘yicha faol chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida shu yilning birinchi yarmida investitsiyalar yuqori o‘sish sur’atlarida (110,8 foiz) o‘zlashtirildi. Ularning hajmi 15 trillion so‘m yoki 6,7 milliard dollarni tashkil qildi.

Bu borada eng muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining o‘zlashtirilgan mablag‘lari hajmi 1,6-marta, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hajmi 1,4-marta, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 28,8 foiz oshdi.

Joriy yil boshidan buyon 2014-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan umumiy qiymati 680 million dollarlik 64 loyiha amalga oshirildi. Xususan, 350 ming tonna oq sement ishlab chiqarish quvvatiga ega “Jizzax viloyatida portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etish”, 20 ming tonna va 2 million kvadart metr ishlab chiqarish quvvatiga ega “Gips kukuni va gipsokarton ishlab chiqarish”, 2,1 million kvadart metr ishlab chiqarish quvvatiga ega “Toshkent viloyatidagi “Ehsan Maybod Manufacturing Group” MChJ xorijiy korxonasida sopol koshinlar ishlab chiqarishni tashkil qilish”, “Fosforit xomashyosini boyitish bo‘yicha mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish va ishlab chiqarishni 716 ming tonnaga ko‘paytirish”, “Angren” maxsus industrial zonasi hududida texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etish” (quvvati – 5 ming tonna), bir kunda ming tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega “Toshkent vioyatida yangi zamonaviy shakar zavodini qurish va tashkil etish”, “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida “Damas” rusumidagi yengil avtombillar ishlab chiqarishni tashkil qilish (1-bosqich)” (quvvati yiliga 40 mingta avtomobil), “Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir yilda 5 ming tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega “Mang‘it” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida yigiruv ishlab chiqarishini tashkil etish” va boshqa loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar doirasida shu yilning birinchi yarmida 2696 loyiha hayotga tatbiq etildi. Chunonchi, 1651 yangi ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan qiymati 555,3 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi, loyiha tashabbuskorlarining 730 milliard so‘mlik o‘z mablag‘lari jalb etildi va 20,5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish maqsadida joriy yil boshidan buyon uzunligi 213,6 kilometrlik avtomobil yo‘llari barpo etildi va rekonstruksiya qilindi, 88 kilometr temir yo‘l qayta tiklandi, 272 yuk va 13 yo‘lovchi tashish vagonlari tayyorlandi. O‘zbekiston Milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarida 425 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 257 milliard so‘m va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining kafolati bilan xorijiy qarzlar hisobidan 73 million dollar o‘zlashtirildi. Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli ravishda 20,3 million va 12,1 million dollar o‘zlashtirildi.

III.Raqobat muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish

Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yaratish, qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun ortiqcha byurokratik va ma’muriy tartib-taomillarga chek qo‘yishga doir ishlar davom ettirildi.

Jumladan, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish sonini cheklash, qo‘shimcha soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, tadbirkorlik sohasidagi faoliyatni erkinlashtirishga qaratilgan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil aprelda qabul qilingan hujjatlariga muvofiq 22 ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi, 21 ruxsat berish tartib-taomilini rasmiylashtirish muddati 2,1-marta, shuningdek, 11 turdagi faoliyatni va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirishda yig‘imlar hajmi 4-marta qisqartirildi, hujjatlar taqdim etish yoki vakolatli organlar bilan kelishish bo‘yicha ortiqcha talablar bekor qilingani hisobidan 31 ruxsat berish tartib-taomili bo‘yicha rasmiylashtirish jarayonlari soddalashtirildi.

Aholi keng qatlamlariga mamlakatimizda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ikki yuzdan ziyod seminar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Statistik, soliq, moliyaviy va boshqa hisobotlarni topshirishning elektron tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida ayni paytda tadbirkorlik subyektlarining 97 foizi soliq hisobotlarini, 92 foizi statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirmoqda. Bundan tashqari, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarning kontaktsiz elektron shakllari joriy etilgani natijasida shu yilning birinchi yarmida 187,2 mingta bojxona yuk deklaratsiyalari (umumiy miqdorning 97,2 foizi) elektron shaklda rasmiylashtirildi. Xo‘jalik sudlari tomonidan 20,5 mingdan ziyod elektron ariza va murojaatlar ko‘rib chiqilib, sud ishi ishtirokchilariga elektron shakldagi sud hujjatlari yuborildi.

Kichik korxonalar tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tgan davrda kichik biznes subyektlariga umumiy qiymati 25,5 milliard so‘mlik 86 davlat aktivi sotildi, foydalanilmayotgan 19,4 mingta davlat mulki obyekti ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 4,8 trillion so‘m miqdorida kredit, jumladan, 1 trillion so‘mlik mikrokreditlar berildi. Bu 2013-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir. Kichik tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining 79 million dollarlik kredit liniyalari o‘zlashtirildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini sotishning bozor mexanizmlari faol joriy etilmoqda. Masalan, kichik tadbirkorlik subyektlarining joriy yil birinchi yarmida birja savdolari orqali sotgan o‘z mahsulotlari hajmi 1,9 barobar oshdi. Kichik biznes subyektlaridan elektron savdolari orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari hajmi 189,9 milliard so‘mni yoki davlat xaridlari umumiy hajmining 97 foizini tashkil etdi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarning joriy etilishi hisobiga ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan 46,9 milliard so‘mlik yoki 19,3 foiz byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.

Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida 14,3 mingga yaqin yangi kichik biznes subyektini (fermer va dehqon xo‘jaliklari hisobga olinmagan holda) tashkil etish imkonini berdi. Eng ko‘p kichik biznes subyektlari sanoatda (umumiy miqdorning 26,4 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish (29,3 foiz) va qurilish sohasida (12,4 foiz) tashkil qilindi.

Natijada joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushi 43,9 foiz (2013-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 43,2 foiz bo‘lgan), sanoatda 28,4 foiz (27 foiz), pullik xizmat ko‘rsatishda 45,2 foiz (40,9 foiz), bandlik sohasida 76,4 foizga (75,8 foiz) yetdi.

IV. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash hamda jahon bozoriga chiqishning muhim omili bo‘lgan to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish

Tashqi bozordagi o‘zgaruvchan kon’yunkturaga qaramasdan eksport salohiyatini rag‘batlantirish va eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ilgari o‘z mahsulotini eksport qilmagan korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish, shuningdek, eksport qilinayotgan milliy mahsulotlarimiz nomenklaturasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida eksport hajmining 8 foizga o‘sishini ta’minladi.

Jumladan, polietilen, kalsinatsiyalangan soda, ammiakli selitra, molibden, mis asosli qotishmalar, ip-kalava va boshqa tovarlarni eksportga yetkazib berish hajmi oshdi. Qiymati 96,2 million dollardan ortiq 100 turdan ziyod tovarlar, jumladan, xlorli ammoniy, formalin, ozuqabop ammoniy fosfatlari, suyuq va gazsimon argon, sirlangan idishlar, qoliplash-payvandlash komponentlari, yoqilg‘i nasoslari va tovush pasaytirgichlar, maydalangan marmar, elektr odeyallar, avtomobil o‘rindiqlari va boshqa mahsulotlar eksportga yetkazib berildi.

2012-2016-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi ijrosi doirasida joriy yil boshidan buyon xizmat ko‘rsatish va servis sohasida infratuzilmani tashkil etish hamda rivojlantirish uchun «Mikrokreditbank»ning 15 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i yo‘naltirildi. Mikro va iste’mol kreditlashni rivojlantirish, zamonaviy xalqaro standartlar va texnologiyalardan foydalangan holda to‘lov tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, moliyaviy infratuzilma institutlarini taraqqiy ettirishga doir ko‘rilgan choralar moliya xizmatlari hajmini 34,5 foizga oshirish imkonini berdi.

2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida zamonaviy texnologiya asosida keng miqyosda foydalanish uchun 600 kilometrdan ortiq optik tolali tarmoqlar bunyod etildi. Raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tishga doir amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 45 foizga yetkazish imkonini berdi. Mobil aloqasi va internet xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar sonining ko‘payishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida yangi xizmat turlarining joriy etilishi va rivojlantirilishi, shuningdek, ATSni raqamlashtirish darajasining oshirilishi hisobot davrida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 25,4 foizga, komputer dasturlash xizmatlari 18,4 foizga oshishini ta’minladi.

Joriy yil boshidan buyon savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 2,8 mingta, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 1,6 mingdan ortiq yangi loyiha amalga oshirildi. Bu chakana savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlarining 15,5 foiz va maishiy xizmatlarning 19,2 foizga oshishini ta’minladi.

Umuman aytganda, xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish va qishloq aholisining zamonaviy xizmat turlaridan foydalanishini kengaytirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar doirasida joriy yilning yanvar-iyun oylarida servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha 5,9 mingdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Buning samarasida xizmat ko‘rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2013-yilning I yarmidagi 52,4 foizdan 52,7 foizga yetdi.

V. Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash

Joriy yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirildi. 2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturini amalga oshirish doirasida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uzunligi 502,6 kilometr kollektor, vertikal drenajli 60 quduq, 857 kuzatuv qudug‘i va 44,4 kilometr yopiq gorizontal drenaj tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi, 6 744 kilometr xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlarida ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi.

Asosiy va oraliq ekin maydonlarida 255,8 ming gektar yerga sabzavot, 81,5 ming gektar yerga kartoshka va 57,1 ming gektar maydonga poliz ekinlari ekildi. 2,4 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, 5,6 ming gektar yerda intensiv bog‘lar va 8,9 ming gektar yerda uzumzorlar barpo etildi. 4,1 ming gektardagi bog‘ va 6,1 ming gektarlik uzumzorlar rekonstruksiya qilindi. 213,5 gektar maydonda 421 issiqxona tashkil etildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida rekord darajada – 8 million tonnadan ortiq g‘alla hosili yetishtirildi. Boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, 2,4 million tonna sabzavot (2013-yilning shu davriga nisbatan 110 foiz), 1,2 million tonna kartoshka (111,3 foiz), 150,7 ming tonna poliz ekinlari (111,1 foiz), 782,4 ming tonna meva (110,1 foiz) va 22,2 ming tonna uzum (112 foiz) ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Meva-sabzavot mahsulotlarining o‘sib borayotgan hajmini ishonchli saqlash va ularni iste’molchilarga kafolatli yetkazib berishni ta’minlash maqsadida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga doir chora-tadbirlar ijrosi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 13,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlaydigan 29 yangi sovutadigan kamera tashkil etildi.

Joriy yil boshidan buyon chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qoramollar umumiy soni 37,4 ming bosh bo‘lgan 1430 loyiha, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha parrandalar soni 7,3 million bo‘lgan 660 loyiha, 1,7 ming gektar sun’iy va 5 ming gektar tabiiy hovuzlarda baliqchilikni rivojlantirishga doir 677 loyiha, shuningdek, asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha 800 loyiha amalga oshirildi. Tijorat banklari tomonidan ushbu loyihalarning amalga oshirilishi uchun chorvachilikni rivojlantirishga 131,4 milliard so‘m, parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 155,3 milliard so‘m, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun esa 12,9 milliard so‘m ajratildi.

Natijada joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha qoramollar umumiy soni 4,4 foizga oshib, 10,7 million boshdan ortiqni tashkil etdi. Go‘sht yetishtirish hajmi 6,5 foizga, sut 6,7 foizga, tuxum 11,2 foizga oshdi.

VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash, uy-joy qurish va aholi yashash maskanlarini obodonlashtirish

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 1,3 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Yangi qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan 4486 yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi, 417,3 kilometr suv ta’minoti tarmoqlari, 74,6 kilometr aylanma va ichki avtomobil yo‘llari, 165,5 kilometr elektr va 149 kilometr gaz ta’minoti tarmoqlari ishga tushirildi.

Joriy yil boshidan buyon mamlakatimizda jami 5,8 million kvadrat metr (2013-yilning shu davriga nisbatan 113,9 foiz), jumladan, qishloq joylarda 4,4 million kvadrat metr uy-joy (115,9 foiz) foydalanishga topshirildi. 1,7 ming kilometr suv ta’minoti tarmog‘i (jumladan, qishloq joylarda 1,5 ming kilometr) va 289 kilometr gaz tarmoqlari (212,9 kilometr) barpo etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida 93 umumta’lim maktabi kapital ta’mirlandi, qishloq joylardagi 6,6 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan maktablar rekonstruksiya qilindi, 17 yangi bolalar sporti obyekti bunyod etildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport inshootlari qurish va rekonstruksiya qilishda Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasining 490 milliard so‘mlik (2013-yilning shu davriga nisbatan 109,3 foiz), Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 200 milliard so‘mga yaqin mablag‘i (113,2 foiz) va boshqa mablag‘lar o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun mamlakatimiz hukumatining kafolati ostida xalqaro moliya institutlarining 6,9 million dollarlik imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Umuman aytganda, joriy yilning o‘tgan davrida «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirildi. Mazkur tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 3,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

2014-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tizimli asosda amalga oshirish natijasida joriy yil boshidan buyon 506,4 ming yangi ish o‘rni, ulardan 303,2 mingtasi (59,9 foiz) qishloq joylarda tashkil etildi. Ortiqcha ish kuchi mavjud 32 tuman aholisi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu yerda 74,7 ming yangi ish o‘rni yaratildi.

Iqtisodiy rivojlanish barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va aholining iqtisodiy faolligini oshirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot bo‘yicha ish haqi 18,2 foiz va aholining umumiy daromadi 18,8 foiz o‘sishiga imkon yaratdi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarining izchil hamda aniq maqsadli amalga oshirilishi natijasida global iqtisodiyot muammolari chuqurlashib borayotganiga qaramasdan, joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va iqtisodiyotning mustahkam yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan strategiyani hayotga tatbiq etish samaradorligi oshirildi.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni jadal amalga oshirish, investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini muntazam takomillashtirish, iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va eng muhimi, mamlakatimiz aholisi bandligini ta’minlash uchun munosib sharoit yaratish hisobidan iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, uning raqobatbardoshligini oshirish strategiyasini hayotga tatbiq etish jarayonlarini chuqurlashtirish va ko‘lamini kengaytirish 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasini yanada barqaror iqtisodiy rivojlantirishning asosiy vazifalaridir. 



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Marta o`qilgan: 6897