×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
06:35:02 (GMT +5), dushanba, 23 - aprel 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


18 - iyul 2014

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

Deputatlar yangi qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning huquqiy negizini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Deputatlar o‘z ishini “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qilishdan boshladilar. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari guruhining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutuvchi 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarni amalda ro‘yobga chiqarish doirasida ishlab chiqildi. Qonun loyihasida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunga, O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining boshqa davlat hokimiyati organlarining hech bir aralashuvisiz saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ta’minlovchi mustaqil demokratik institut sifatidagi maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash saylovlarning demokratligi va ochiq-oydinligini ta’minlashning muhim kafolati va shartidir.

Qonun loyihasida Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining kafolatlarini mustahkamlash va vakolatlarini yanada kengaytirish nazarda tutilgan. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik kabi asosiy prinsiplarining mazmun-mohiyati ochib berilmoqda. Mustaqillik prinsipi Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil tarzda olib borishni ko‘zda tutadi. Uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Oshkoralik prinsipi Markaziy saylov komissiyasi majlislarining ochiq tarzda, shu jumladan, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkazilishini o‘zida ifoda etadi.

Ushbu qonun loyihasini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari ishlab chiqilgan qonun loyihasi yuzasidan o‘zlarining asosli fikrlarini bayon etdilar.

Ma’ruf Usmonov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Hozirgi vaqtda partiyamiz joriy yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament sayloviga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Shu munosabat bilan biz fuqarolarning saylov erkinligini ta’minlashga qaratilgan saylov to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor bermoqdamiz. Aynan shu sababli biz, jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari tashabbusi bilan kiritilgan “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini katta qiziqish bilan ko‘rib chiqdik.

Ishonchimiz komilki, Markaziy saylov komissiyasining davlat hokimiyati boshqa organlarining aralashuvisiz saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ta’minlovchi mustaqil demokratik institut sifatidagi maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlash xalqaro normalarda, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda mamlakatimizning boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlangan fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Fraksiya yig‘ilishida ushbu masalani dastlabki tarzda muhokama etish chog‘ida biz ushbu qonun loyihasining qabul qilinishini yoqlab o‘z fikrimizni aniq bildirdik. Mamlakatimizda ijtimoiy munosabatlarda, shu jumladan, saylov jarayonida qonuniylik, oshkoralik va adolatni ta’minlashning huquqiy mexanizmlari izchil va aniq maqsadni ko‘zlab takomillashtirib borilayotganligi biz uchun prinsipial jihatdan muhimdir. Xususan, qonun loyihasida Markaziy saylov komissiyasining majlislarini ochiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi norma mustahkamlangan bo‘lib, siyosiy partiyalarning vakillari majlislarda to‘sqinliksiz ishtirok etadilar. Shu munosabat bilan taklif etilgan qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining saylov tizimini eng qat’iy xalqaro standartlarga javob beradigan yanada zamonaviy tizimga aylantirish imkoniyatini beradi.

Dilbar Xoliqova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Bizning nazarimizda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunga taklif etilgan tuzatishlar saylov jarayonining demokratikligi va ochiqligini ta’minlovchi samarali mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston XDP fraksiyasi taklif etilayotgan qonun loyihasi normalarida Markaziy saylov komissiyasi faoliyati asosiy prinsiplarining mazmun-mohiyati ochib berilishi, Markaziy saylov komissiyasi va uning raisining siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun mablag‘larni taqsimlash, xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlashdan iborat vakolatlarining, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining moliyaviy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslarning kengaytirilishi umume’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq saylov jarayonida barcha ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish kafolatlarini ta’minlaydi.

Qodir Jo‘rayev, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarini liberallashtirish va modernizatsiya qilish natijasida yurtimizda eng yuqori demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimi yaratildi. Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish kafolatlarini, har bir insonning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqini ta’minlovchi samarali, umume’tirof etilgan xalqaro normalar va prinsiplarga mos keladigan normativ-huquqiy baza shakllantirildi. Demokratik saylov va referendum o‘tkazish bo‘yicha o‘z milliy tajribamizni hisobga olgan holda saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha izchil, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekistonning saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari tadrijiy rivojlanishining mantiqiy davomi sanaladi. Qonun loyihasi, avvalambor, Markaziy saylov komissiyasi tashkil etilishi va faoliyatining demokratik asoslarini kuchaytirishga, uning faoliyati asosiy prinsiplarini tushuntirishga, uning mustaqilligini, shu jumladan, moliyaviy mustaqilligini mustahkamlashga, shuningdek, saylovlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida huquqiy ta’sir ko‘rsatish chora-tadbirlarini joriy etishga qaratilgan.

O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasining fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi saylov erkinligi prinsipini yanada to‘liqroq amalga oshirishga, mamlakatimizning saylov tizimini yanada demokratlashtirishga, saylovlarning ochiqligi va shaffofligi prinsiplarini mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Do‘rmon” milliy bog‘ini barpo etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq noyob, qimmatli o‘simliklar turlarini saqlash, qayta tiklash va ulardan oqilona foydalanish maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur bog‘ ushbu qaror bilan muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar toifasiga kiritilgan.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi milliy bog‘larning huquqiy maqomi, rejimi, ularni boshqarish, muhofaza qilish tartibini qonunchilik darajasida belgilashga, milliy bog‘larning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar sifatida moliyalashtirilishiga xizmat qiladi, ularning yerlari daxlsizligini, shuningdek, hududidagi o‘simlik dunyosi saqlanishi va qayta tiklanishini ta’minlaydi.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikrlarni hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yuqorida tilga olingan qonun loyihalarining asosiy qoidalarini ma’qulladi va birinchi o‘qishda qabul qildi. Mas’ul qo‘mitalarga kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash topshirildi.



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati
Marta o`qilgan: 2754