×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
11:07:25 (GMT +5), chorshanba, 12 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


29 - fevral 2020

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ikkinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2020-yil 28-fevral kuniToshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlisda Senat aʼzolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalarida islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bola huquqini himoya qilish bilan bogʻliq bir qator qonun hujjatlari va muhim masalalar muhokama qilindi.

Yalpi majlis ishi Oliy Majlis Senatining veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi.

Senat aʼzolari yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini muhokama qilishdan boshladi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 24-yanvar kuni parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida muhim qadam qoʻyish va mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi maqomini olmagan yurtdoshlarimiz muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar koʻrish zarurligini qayd etdi. 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish taklif etildi. Bu 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning hayotidagi eng jiddiy muammo hisoblanadi.

Qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qoʻyganligi taʼkidlandi. Qonunda fuqarolik sohasidagi maʼmuriy tartib-taomillarni yana-da soddalashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini taʼminlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilgan.

Qonun bilan mustahkamlanayotgan yangi normalar haqida soʻz borganda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari boʻyicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab qoʻyilganligi qayd etildi. Bundan tashqari, tugʻilgan joyi yoki ota-onasining fuqaroligi boʻyicha bolalarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini belgilash tartibi mustahkamlandi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini koʻrib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilgan.

Soʻzga chiqqanlar qonun qabul qilinishi bilan sohaga doir qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti bir xilda boʻlishi, inson huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishi taʼminlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra parlamentning yuqori palatasi aʼzolari “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdi.

Qonun Davlat statistikasi qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi taʼkidlandi.

Soʻzga chiqqanlar qonunning maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini qayd etdi. Aholini roʻyxatga olish – bu Oʻzbekiston Respublikasining aholisi toʻgʻrisida ishonchli va xolis axborot yigʻish. Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi (nomma-nomligi); shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi; aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Qonunda aholini roʻyxatga olishning quyidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda: oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish; aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini roʻyxatga olishlar oraligʻidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Aholini roʻyxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi, aholini roʻyxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ularning bu sohadagi vakolatlari ochib beriladi.

Shu bilan birga, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining aholini roʻyxatga olishdagi ishtiroki nazarda tutilmoqda, shuningdek, respondentlar va roʻyxatga oluvchi xodimlarning huquq hamda majburiyatlari ochib berilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, qonun qabul qilinishi xalqaro standartlarga javob beradigan, aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tizimli va kompleks tartibga soladigan moslashuvchan va ochiq-oshkora huquqiy doiralarni yaratishni davom ettirishga hamda bir qator dolzarb vazifalarni bajarishga koʻmaklashadi. Jumladan, aholi tarkibida yuz bergan global oʻzgarishlarni baholash, demografik siyosatni, odamlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar holatini yaxshilash, shuningdek, Barqaror taraqqiyot milliy maqsadlarini shakllantirish va monitoring qilish kabi vazifalarni bajarish taʼminlanadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin senatorlar yangi tahrirdagi “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun qonun hujjatlarini metrologiya sohasidagi xalqaro hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish va qonun normalarini hukumatlararo “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv” ishtirokchi davlatlari milliy qonun hujjatlari va oʻlchashlar birliligini taʼminlash sohasidagi asos boʻluvchi davlatlararo hujjatlarning qoidalariga uygʻunlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqildi.

“Metrologiya toʻgʻrisida”gi amaldagi qonunning keyingi moddalari bir xilda talqin qilinishini taʼminlash uchun asosiy tushunchalar “davlat metrologiya xizmati”, “metrologik kuzatuvchanlik”, “oʻlchashlar aniqligining koʻrsatkichi” kabi terminlar bilan toʻldirilmoqda. Bunday terminlar kiritilishi bilan “oʻlchash vositalarini qiyoslash” va “metrologiya xizmati” terminlarining taʼrifi oʻzgartirilmoqda.

Bundan tashqari, oʻlchash birligini taʼminlash sohasida faoliyat olib borayotgan subyektlar, xususan, davlat metrologiya xizmati, davlat boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlari tomonidan metrologiya nazoratini oʻtkazish huquqlari belgilanmoqda. Shuningdek, alohida moddalarda metrologiya xizmatlarining huquqlari va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Qonunda oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga oid normativ hujjatlar turlarining quyidagi roʻyxati belgilanmoqda: oʻlchash vositalarini qiyoslash uslubiyoti; oʻlchash vositalarini kalibrlash uslubiyoti; oʻlchashlarning bajarish uslubiyoti; sinov vositalarini attestatsiya qilish uslubiyoti.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, qonun qabul qilinishi oʻlchashning ishonchsiz natijalari vujudga kelishining va amalda qoʻllanilishining oldini olish orqali fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan oʻlchash birligini taʼminlash sohasidagi huquqiy normalarni amalga oshirish samaradorligini oshirishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdi.

Qayd etilganidek, iqtisodiyotimizning globallashuvi tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan, xoʻjaliklararo, davlatlararo aloqalar rivojlanayotgan hamda mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan bir sharoitda ham milliy, ham xalqaro darajada bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shularni inobatga olib, mazkur qonun zarurati bir qator omillar bilan asoslanadi. Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, ular faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, xorijiy investorlar, shuningdek, milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash kabi omillar shular jumlasidan.

Biroq senatorlar taʼkidlaganidek, qonunda qator konseptual kamchiliklar mavjud. Masalan, qonunning 3-moddasida uning qoʻllanilish sohasi belgilangan boʻlsa-da, xalqaro tijorat arbitraji tushunchasi va tamoyillari ochib berilmagan.

Shuningdek, 6-moddada qonunning qoʻllanilish sohasini batafsil izohlash oʻrniga hal qilish uchun xalqaro tijorat arbitrajiga topshirilishi mumkin boʻlgan nizolar sanab oʻtilgan. Senatorlarning fikricha, ushbu normada xalqaro tijorat arbitraji koʻrib chiqishi mumkin boʻlgan nizo predmeti toʻliq yoritilmagan. Bu va boshqa kamchiliklar tufayli qonunni jiddiy takomiliga yetkazish zarurligi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Soʻngra Oliy Majlis Senati aʼzolari “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdi.

Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevralda qabul qilingan “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi taʼkidlandi.

Qonun bilan 22-mart “Mahalla tizimi xodimlari kuni” etib belgilanmoqda. Soʻzga chiqqanlar qayd etganidek, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda mahalla institutining roli katta. Yurtimizning boy tarixi bilan chambarchas bogʻliq bu oʻziga xos institutning mavqeini yana-da oshirishda mahalla tizimi xodimlari faoliyati jamiyatda muhim ahamiyatga ega. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra yuqori palata aʼzolari “Bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildi.

Taʼkidlanganidek, qonun Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan va Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, Oila kodeksiga kiritilayotgan qoʻshimchalarda oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda qilishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama davrida soʻzlashga haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.

Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼiy nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak. Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek, oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola bir vaqtning oʻzida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqli.

Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartishlar kiritilib, unga koʻra bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolaga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganda bola oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek, boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun yangi modda bilan toʻldirilmoqda. Unga muvofiq, voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.

Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga ham tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda. Bunga koʻra voyaga yetmagan, yaʼni yoshi oʻn toʻrtdan oʻn sakkizgacha boʻlgan fuqarolarning, shuningdek, muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari sudda ularning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylar tomonidan himoya qilinadi. Ammo bu hol voyaga yetmaganlarni va muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarni bunday ishlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi.

Senatorlar mazkur qonun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlari kafolatlarini taʼminlashga koʻmaklashishini taʼkidladilar. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin senatorlar “Sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi qonunlari, Soliq kodeksi, shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Maʼmuriy sud ijrochiligi toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunidagi normalar ishlarni sudyalar oʻrtasida taqsimlash tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislarining vakolati hisoblanishi, shuningdek, Oliy sudning tegishli sudlov hayʼatlari majlislarida ishlarni koʻrib chiqish uchun sudlov tarkiblarini shakllantirish sudlov hayʼatlari raislarining vakolati hisoblanishi haqidagi normalarning mavjudligi sudlarda ishlarni elektron tizimdan foydalangan holda inson aralashuvisiz, avtomatik ravishda taqsimlash tartibini amaliyotga toʻliq joriy etish imkoniyatini yaratib beradi.

“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish kiritilib, natijada xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi nizolarni tezkor hal qilishga erishiladi. Shuningdek, 2020-yil 1-fevraldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan daʼvo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 150-moddasiga daʼvogar tomonidan daʼvo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini javobgarga va uchinchi shaxslarga elektron tarzda yuborish imkoniyatini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.

Bunda daʼvogar-soliq toʻlovchi daʼvo arizasi va ilova hujjatlarini sudga taqdim etishdan oldin soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali boshqa soliq toʻlovchi-javobgar va uchinchi shaxslarga yuborish hamda hujjatlar yuborilganligi haqidagi tasdiqlovchi maʼlumotni keyinchalik sudga taqdim etish uchun axborot tizimi orqali yuklab olish imkoniyatiga ega boʻladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra parlament aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, qonun mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jamiyatda barqarorlikni taʼminlash va islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy banki, Bosh prokuraturasi, Hisob palatasi, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining 4 ta qonuni, 2 ta kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi 222–II-sonli qarorining 1-ilovasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

Shuningdek, kiritilayotgan qoʻshimchalarda Hisob palatasi byudjet va smeta-shtat intizomini buzganlikda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha Hisob palatasi vakolatlarini amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish va uni maʼmuriy sudga yuborish nazarda tutilmoqda.

“Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining mansabdor shaxslari siyosiy partiyalarga aʼzoligini cheklashni nazarda tutadigan qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilmoqda.

Koʻrsatiladigan mikromoliyalash xizmatlarini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining mikromoliyalash xizmatlariga boʻlgan oshib borayotgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, toʻlash qobiliyatini yaxshilash va ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish maqsadida “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muayyan summadan oshmaydigan miqdorda mikromoliyalash xizmatlari summasini belgilashni, jumladan, qarz oluvchiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 300 million soʻmdan oshmaydigan summada mikrokredit berishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida nazarda tutilgan Hisob palatasi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini amalga oshirish maqsadida Byudjet kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni norma bilan toʻldirilmoqda. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etish, uning koʻrib chiqishi uchun masalalar kiritish va koʻrilayotgan masala yuzasidan fikr bildirish boʻyicha Hisob palatasi raisining vakolatlarini amalga oshirish belgilanmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Parlament aʼzolari tomonidan “Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan va xalqaro xususiy huquq normalarini bosqichma-bosqich birxillashtirishga koʻmaklashishga qaratilgan.

Konferensiyaning bitta va undan ortiq sessiyasida ishtirok etgan va uning Ustavini qabul qilgan davlatlar Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi aʼzolari hisoblanishi taʼkidlandi. Oʻzbekistonning Gaaga konferensiyasiga aʼzo boʻlishi xalqaro oilaviy va xususiy huquq normalarini birxillashtirish tartib-taomilida mamlakat ishtirokini taʼminlash, jahon standartlarini hisobga olgan holda huquq tizimini yana-da rivojlantirish, davlat fuqarolari huquq va manfaatlarini xorijda himoya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz Gaaga konferensiyasi Kengashiga kirish orqali uning ish dasturini belgilashda ishtirok etishi, Gaaga konferensiyasi tomonidan koʻrib chiqilayotgan yangi konvensiyalar yuzasidan muzokaralarda qatnashishi va xalqaro maydonda oʻz manfaatlarini targʻib qilishi mumkin.

Qonun mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashishini yana-da chuqurlashtirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini tasdiqlash masalasini koʻrib chiqdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 8-moddasiga muvofiq, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tashkil etish va tugatish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarini tasdiqlash parlament yuqori palatasining vakolatlariga kiradi.

Mazkur Farmonda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligini, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida vazirlikning boʻlinmalarini tashkil etish nazarda tutilayotganligi sababli Farmon parlament aʼzolari tomonidan koʻrib chiqildi.

Bu hujjat ijtimoiy sohadagi islohotlarni yana-da chuqurlashtirishga qaratilganligi hamda mahalla va oila institutini mustahkamlashga koʻmaklashishi taʼkidlandi. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin Senat aʼzolari Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Tegishli xizmatlarni yana-da takomillashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish borasida yagona siyosatni shakllantirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilgan.

Biroq olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda kamchiliklar va yechimini kutayotgan muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan. Fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslar soni soʻnggi uch yilda 9 foizga oshgan.

Nogironlik profilaktikasi, bunday shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va malakaviy reabilitatsiya qilish boʻyicha yaqin, oʻrta yoki uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi bunday shaxslarni tibbiy-ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratishga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu parlament soʻrovini yoʻllash zarurati paydo boʻldi. Mazkur masala boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi 2019-yil yakuni boʻyicha axborotini eshitdi.

Taʼkidlanganidek, 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi boʻyicha muayyan ish olib borildi. Oʻtgan yilda qabul qilingan choralar natijasida jinoyatlarning 3139 taga yoki 10,5 foizga kamayishiga erishilgan. Respublikada mahallalarning 33,7 foizida yoki 3074 tasida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Voyaga yetmaganlar (830/656) va xotin-qizlar (3378/2705) oʻrtasida jinoyat sodir etish holatlari kamaygan.

Ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan samarali tadbirlar natijasida giyohvandlik, korrupsiya va iqtisodiy yoʻnalishlarga oid qariyb 4,5 mingta jinoyat aniqlangan.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan oʻrganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.

Aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan, oilalardagi janjallar koʻp hollarda mahalla faollari va profilaktika inspektorlarining eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilishi keng tus olgan.

Bundan tashqari, 2019-yil 2-sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan boʻlishiga qaramasdan, IIVning bu boradagi ishlarni tartibga soluvchi buyrugʻi 2020-yil 3-fevral kuni qabul qilingan. Shu tufayli tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning faqatgina 3 nafariga himoya orderi berilgan. 142 ta qotillikning 70 tasi (49,2%) er-xotinlar oʻrtasida kelib chiqqan nizolar sababli sodir etilgan.

Mazkur jinoyatlarning aksariyatini oʻz vaqtida oldini olish choralari mavjud boʻlsa-da, bunga joylardagi profilaktika inspektorlari, tegishli hokimlar, sektor rahbarlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yetarli eʼtibor qaratilmagan.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 5032 nafar ayol jinoyat sodir etgan va bu jinoyatlarni sodir etish holatlari Toshkent shahri, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida yuqoriligicha qolgan.

Odam savdosi jinoyatlarining soni 2012-2019 yillar davomida olti barobarga kamayishiga (574/94) erishilgan boʻlsa-da, ushbu davrda bolalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar ortib borayotganligini koʻrsatmoqda.

Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hanuz koʻplab muammolar saqlanmoqda. Oʻtgan yili respublikada qayd etilgan har toʻrtinchi jinoyat (11787 ta) yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Ichki ishlar vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yigʻinlari oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar yuzasidan kunlik axborot almashinuvini qatʼiy nazoratga olish, shuningdek, jinoyat sodir etishga olib keladigan sabablarni monitoring qilish va tahlil qilish ishlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Respublikaning qator hududlaridagi ijobiy tajribalarni, jumladan, jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha Andijonning “Namunali hudud” konsepsiyasini, xotin-qizlar bilan ishlashning Buxoro tajribasini, yoshlar bilan ishlashning Fargʻona tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish zarurligiga urgʻu berildi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni ham eshitdi.

Taʼkidlanganidek, tashqi siyosiy aloqalarni yana-da rivojlantirish boʻyicha vazirlik tomonidan muayyan ish olib borilgan. Vazirlikning bevosita va faol ishtirokida 2019-yilda davlatimiz rahbari hamda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining 20 ta tashrifi tashkil etildi. Oliy darajadagi tashriflar va tadbirlar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Hukumati tomonidan xorijiy mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 138 ta “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qator yuqori darajadagi tadbirlar, xususan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahatlashuv uchrashuvi oʻtkazildi. Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ishtirokida sarmoyaviy biznes-forumlar oʻtkazildi, potensial xorijiy investorlarning koʻplab tashriflari amalga oshirildi.

Mamlakatimizning tashqi siyosiy faoliyati qonunchiligini yana-da takomillashtirish boʻyicha ikki tomonlama oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 122 ta ikki tomonlama xalqaro shartnoma imzolandi, 28 ta koʻp tomonlama xalqaro xujjat ratifikatsiya qilindi.

Shu bilan birga, vazirlik faoliyatida bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar mavjud. Jumladan, vazirlik va Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalarining axborot-tahlil faoliyati natijadorligi oʻta sust boʻlib qolmoqda. Ishonchli maʼlumot manbalarining kamligi, asosan ommabop maʼlumotlarga tayangan axborotnomalarning tayyorlanishi har tomonlama chuqur ishlab chiqilgan dolzarb tashqi siyosiy tashabbus va takliflarning taqchilligiga olib kelmoqda.

Shuningdek, soʻzga chiqqanlar tomonidan iqtisodiy diplomatiya samaradorligining oʻta pastligi qayd etildi. Vazirlik hisobotiga koʻra respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 1200 dan ortiq biznes-forumlar oʻtkazildi, 3700 dan ortiq oʻzaro tashriflar amalga oshirildi. Ammo ularning amaliy natijasi deyarli yoʻq, ayrim hollarda tadbirlar nomiga va samarasiz oʻtkazilmoqda.

Xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish boʻyicha har tomonlama puxta oʻylangan aniq maqsadli rejalar ishlab chiqilishiga hanuzgacha yuzaki qaralmoqda. Xorijiy mamlakat kompaniyalarining takliflariga tegishli tashkilotlarning javob bermasligi, qayta aloqaning yoʻqligi natijasida loyihalarni koʻrib chiqish muddati choʻzilib ketmoqda. Idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish masalasi hanuzgacha toʻliq hal etilmagan. Ayol kadrlarni yuqori diplomatik lavozimlarga tayyorlash ishlari tizimli yoʻlga koʻyilmagan.

Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan vazirlik faoliyatini takomillashtirishga doir qator tavsiyalar bildirildi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligining axborot-tahlil faoliyati hamda vazirlik tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha aniq va tezkor choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ularga biriktirilgan respublika hududlarining tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirish uchun shaxsiy javobgarligi koʻrsatildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, ushbu parlament soʻroviga berilgan javob koʻrib chiqilgach, Senatning tegishli qoʻmitasi tomonidan bu yoʻnalishda muayyan ish olib borilganligi qayd etildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da 2019-2023 yillarda bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga qabul qilayotgan nomzodlarni (fuqarolarni) tanlashga va tutingan ota-onalarni tayyorlashga qaratilgan tegishli nizomlar tasdiqlangan. Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarining 43 nafar rahbar xodimi hamda 413 nafar pedagog xodimi attestatsiyadan oʻtkazilgan.

Shu bilan birga, bu yoʻnalishdagi qator kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida boʻlish huquqlari yetarli darajada taʼminlanmagan. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolganlarni Mehribonlik uylariga joylashtirish faqat tuman (shahar) hokimlari ixtiyorida qolib ketayotganligi ularning kelgusi taqdirini belgilashda subyektiv yondashuv hal qiluvchi omil boʻlib qolishiga olib kelmoqda. Bu esa koʻp hollarda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolganlarni patrionat yoki oilalar qaramogʻiga berish ishlari samarali yoʻlga qoʻyilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bu va boshqa muammolarni muhokama qilib, senatorlar bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Eng avvalo, qonunchilik bazasini mustahkamlash, yaʼni “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bunda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni oilaviy hamda bolalar muassasalariga joylashtirish tartibi va shakllarini aniq belgilash muhimdir.

Bundan tashqari, shunday bolalarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat oilaviy muassasalarga joylashtirishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi taʼkidlandi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlar davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini oʻrganish holati yuzasidan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 6-fevral kuni taqdim etilgan soʻrovga berilgan javobga muvofiq, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda batafsil koʻrib chiqilganligi taʼkidlandi.

Parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar ijrosini toʻlaqonli taʼminlash, mazkur xizmatda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, Majburiy ijro byurosi va boshqa davlat organlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish borasida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻrildi.

Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan birga, parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning ijrosi toʻliq taʼminlanmaganligi oqibatida sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, chegara bojxona postlari yaqinida avtotransport vositalari bilan bogʻliq tirbandliklarning oldini olish, jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Majlisda bu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar bildirildi. Jumladan, 2020-yilning 15-apreliga qadar chegara bojxona postlari yaqinida jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Uch oy muddatda mamlakatimizdagi chegara bojxona postlarida kecha-yu kunduz valyuta ayirboshlash, pul mablagʻlarini naqd pulga almashtirish, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish terminallarini oʻrnatish choralarini koʻrish zarurligi qayd etildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻrinbosarini – Bola huquqlari boʻyicha vakilni saylash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga oʻzgartishlar kiritish masalasini ham koʻrib chiqdi. Bu masala boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida 18 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun koʻrib chiqildi.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari jamiyat hayotining barcha sohalarida huquqiy asoslarni mustahkamlashga hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar va islohotlar samaradorligini oshirishga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati



Marta o`qilgan: 993