×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
10:08:49 (GMT +5), juma, 25 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


1 - dekabr 2019

O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senati yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g’risida axborot

2019-yil 30-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi bo'lib o'tdi.

Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlangach, senatorlarko‘rib chiqiladigan masalalar muhokamasiga kirishdilar.

Senatorlar ishni “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet ma’lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 22 avgustdagi qaroriga muvofiq budjet mablag‘lari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning yangi tartibi belgilab olindi.

Jumladan, mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati ilk bor qonun shaklida qabul qilinmoqda. Qonunda “birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi”, “ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi”, “umumiy fiskal balans”, “hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi” tushunchalari ochib berilmoqda. 2020 yilda budjet jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida budjet vakolatlarini taqsimlashning o‘ziga xos xususiyatlari, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish va ularni qayta ko‘rib chiqish tartibi, ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘lari, hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘lari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti parametrlari belgilanmoqda, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi: O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari va xarajatlari, 2020 yil uchun davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari prognozi va xarajatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, ayrim soliqlar va to‘lov stavkalarini tasdiqlash, Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamg‘armalarini shakllantirish, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining budjet tizimi barqarorligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida va O‘zbekiston Respublikasi nomidan olinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmlarni belgilash, tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan xarajatlar.

Ushbu Qonunning muhim jihatlaridan biri shuki, unda O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosining shaffofligini ta’minlash choralari belgilanmoqda, bu barcha darajalardagi davlat boshqaruvi sektori javobgarligini oshirishga, budjet intizomini mustahkamlashga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palaatlari, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari roli hamda javobgarligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

2020 yilda YaIMning 5,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,5 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning 4 foizga, kapital quyilmalar hajmining kamida 10 foizga, chakana savdo aylanmasining 5,6 foizga, xizmat ko‘rsatish hajmining 5,7 foizga o‘sishi prognoz qilindi.

2020 yilda ijtimoiy sohani moliyalashtirish kuchaytiriladi. Bu yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanadigan xarajatlar 18 foizga, ta’limga sarflanadigan xarajatlar 10 foizga, ilm-fanni rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlar 47 foizga oshadi.

Ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qariyb 100 ta maqsadli dasturni amalga oshirish rejalashtirilgan. Inflyatsiya o‘sishi prognoz qilingan, hukumatda O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga doir aniq strategiya va model mavjud.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi Davlat budjeti mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishda ishtirok etadi. Davlat budjeti mablag‘larini shakllantirishda soliq to‘lovchi sifatida, ulardan foydalanishda davlat tomonidan taqdim etiladigan qulayliklar va xizmatlarning iste’molchisi sifatida ishtirok etadi.

2019 yildan boshlab fuqarolar tumanlar (shaharlar) budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarni belgilashda ishtirok etishi mumkin. Bu maqsadlarga tuman yoki shahar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi yo‘naltiriladi.

Shundan so‘ng parlament a’zolari“Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunning maqsadi budjet ma’lumotlari ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, budjet mablag‘lari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir. Qonun O‘zbekiston Respublikasining 3 ta qonuni va 1 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.Bunda parlament tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari to‘g‘risidagi Qonunni qabul qilish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni ko‘rib chiqish va qabul qilishda Oliy Majlisning budjetga doir vakolatlari nazarda tutilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini tasdiqlash tartibi joriy etilishi munosabati bilan Qonunda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga keyingi yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi va muddatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Budjet kodeksi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda,unga Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, Moliya vazirligi budjet vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bundan tashqari, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ijro etish jarayonini ko‘rib chiqish parlament nazoratining shakllaridan biri hisoblanadi.

Majlisda ta’kidlanganidek, Qonun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining parlament tomonidan sifatli ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlashga ko‘maklashadi, bu esa xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq keladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra Senat a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan hisoboti to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida 2019 yilning 9oyi davomidayalpi ichki mahsuloto‘tgan yilning shunday davriga nisbatan 5,7 foizga o‘sdi. Bu davrda jalb qilingan investitsiyalar hajmi46,0 foizga, qurilish ishlari hajmi 19,3 foizga oshdi. O‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 3,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar, foydalanilmagan imkoniyatlar va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ayrim muammolar mavjud. Jumladan, Davlat dasturida belgilangan va joriy yilning uchinchi choragida bajarilishi nazarda tutilgan 11 ta topshiriq hanuz bajarilmagan. Majlisda mamlakat rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan va aholini tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar, jumladan, majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish, uy-joy fondining isitish tizimlarini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar bajarilmaganligi afsus bilan qayd etildi.

Biznes sub’ektlarini rivojlantirish yo‘lidagi sun’iy to‘siqlar uzil-kesil bartaraf etilmagan, litsenziyalashning murakkab tizimi saqlanib qolmoqda, bu esato‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tovarlar va kapital bozorlarida faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarning ustav kapitalida davlat ulushini kamaytirish bo‘yicha ishlar ko‘ngildagidek emas. Natijada biznes yuritish sohasida raqobat muhitini yanada yaxshilash borasida muayyan to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy, huquqiy va ijtimoiy sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar mamlakatda korrupsiya darajasini kamaytirishga qaratilgan ishlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan axborotni ma’lumot un qabul qilib, Senat hukumatning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha faoliyatini qoniqarli deb topdi. Muhokama qilingan masala yuzasidanOliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi faoliyati “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi 1993 yil 6 maydagi Qonun bilan tartibga solinadi. Biroq bu Qonun Vazirlar Mahkamasiga taalluqli vakolatlar va masalalarni, Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tayinlash tartibini, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida hisobdorligini to‘liq aks ettirmaydi. Shu munosabat bilan bu Qonunni yangi tahrirda qabul qilish zarurati yuzaga keldi.Qonunda Vazirlar Mahkamasi maqomini, Vazirlar Mahkamasiga taallukqli masalalar, shuningdek Vazirlar Mahkamasining turli sohalardagi asosiy vakolatlari nazarda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini rejalashtirish va baholash, Vazirlar Mahkamasiga masalalar kiritish va ko‘rib chiqish tartibi, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladigan umumiy masalalar, bu masalalarda qarorlar qabul qilish, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari turlari mustahkamlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining Prezident va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, sud hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlariga aniqlik kiritilmoqda. So‘zga chiqqanlar Qonun Vazirlar Mahkamasi faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek o‘z vakolatlarini amalga oshirish jarayonida javobarlikni oshirishga ko‘maklashadi.Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra yuqori palata a’zolari “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilganidek, Qonunda volontyorlik faoliyati sohasida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlar tizimini belgilash, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni davom ettirish, shuningdek hozirgi zamon sharoitlarida volontyorlik faoliyati samarali amalga oshirilishi va rivojlanishini ta’minlaydigan qonunchilik asoslarini takomillashtirish nazarda tutilgan.

So‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan ishlar tufayli NNT va fuqarolik jamiyatiningboshqa institutlari hamda fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni hal etishdagi ishtiroki kuchaydi, jumladan, xayriya tadbirlari, aksiyalar, hasharlarda qatnashish, yirik xalqaro konferensiyalar va forumlar, sport musobaqalari va boshqa tadbirlarni o‘tkazishda ko‘maklashish orqali ularning ishtiroki faollashdi. Ushbu tadbirlarni tayyorlashdagi volontyorlarning ahamiyati yo‘q emas. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida volontyorlik institutidan foydalanish mumkin.

Mamlakatimiz amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda volontyorlik harakati faol rivojlanayotganligiga qaramay, tegishli tayanch tushunchalarga ega bo‘lgan va uning faoliyatini tartibga soladigan mustahkam qonunchilik bazasihali ham mavjud emas. Yangi Qonun mazkur masalalar yechimini topishga va volontyorlik harakati yanada faollashishini rag‘batlantirishga, shuningdek volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin parlament a’zolari “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunni ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanganidek, Qonun Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan qator normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan. Xususan, Qonun bilan bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi atamalarni umumqabul qilingan stanlartlarga muvofiqlashtirishni, shuningdek bankrotlik tartib-taomillari har bir bosqichi o‘tishi muddatlarini maqbullashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Tayanch tushunchalar kengaytirilmoqda, jumladan, “bir turdagi kreditorlar” va “to‘lov qobiliyatini tiklash taomili” kabi tushunchalar kiritilmoqda.Shu bilan birga, Qonun qarzdorning bankrotlik alomatlari tushunchasini keng yoritib berish, jumladan, majburiyatlarni bajarish muddatlarini va shaharni tashkil etuvchi korxonaga hamda unga tenglashtirilgan korxonaga qo‘yilgan talablar miqdorini, shuningdek qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan talablar miqdorini belgilashni nazarda tutuvchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, sud boshqaruvchilarining professional birlashmasiga sud boshqaruvchisi nomzodini iqtisodiy sudga taklif qilish huquqini berish, qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni kreditorning talabiga ko‘ra o‘n kunlik muddatda taqdim etish bo‘yicha vaqtinchalik, sanatsiya qiluvchi, tashqi va tugatuvchi boshqaruvchining majburiyati va boshqalar nazarda tutilgan.

Ta’kidlaneganidek, Qonun mamlakatimiz qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga hamda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga xizmat qiladi. Qonun Senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar“Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda kasaba uyushmalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Biroq amaldagi Qonun normalari ancha eskirgan va Mehnat kodeksi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlar normalarini konseptual jihatdan aks ettirmaydi. Shu munosabat bilan ushbu sohani tartibga soladigan yangi Qonun ishlab chiqish va qabul qilish zarurati yuzaga keldi.

Qonundakasaba uyushmalari faoliyatining quyidagi asosiy prinsiplari belgilab berilmoqda: qonuniylik, ixtiyoriylik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish, teng huquqlilik, oshkoralik va ochiqlik. Shu bilan birga kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishi kafolatlari belgilanmoqda. Jumladan, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini ta’minlaydi.Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashishga, shu jumladan ularning faoliyati to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etishni talab qilishga, kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatini davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar tashabbusiga ko‘ra tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, kasaba uyushmalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining mulk huquqi kafolatlari, kasaba uyushmalari organlariga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlar uchun kafolatlar, kasaba uyushmalari organlariga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlar uchun kafolatlar, kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlar uchun mehnatga oid qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda. Qayd etilganidek, Qonun xodimlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda kasaba uyushmalari uchun qulay shart-sharoit va kafolatlar yaratishga, kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin parlament a’zolari “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019 yil 21 maydagi Farmonidan kelib chiqib, shuningdek qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqildi.Qonun O‘zbekiston Respublikasining 25 ta qonuni, 12 ta kodeksi, shuningdek qonunlar bilan tasdiqlangan 17 ta nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, “ish haqining eng kam miqdori” termini “mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori”, “bazaviy hisoblash miqdori” va “pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori” terminlariga o‘zgartirildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Navbatdagi muhokama mavzusi “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bo‘ldi.

Qonunning maqsadi bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatni ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishdan iborat. Qonun O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, sud ishi yurituvi va sud tekshiruvining barcha bosqichlarida voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini ta’minlash maqsadida Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Masalan, yangi normalarda voyaga yetmaganlar, soqovlar, karlar, ko‘rlar va o‘zining jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy buzilishlari tufayli himoyalanish uchun huquqlardan foydalanishda qiyinchilik his qilayotgan boshqa shaxslar bo‘yicha himoyachini rad etishga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganning istagi bo‘yicha uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan biri yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etish imkoniyatinazarda tutilmoqda.

O‘zgartish va qo‘shimchalarda voyaga yetmagan shaxs qonuniy vakilining o‘zi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan o‘tkaziladigan protsessual harakatlarda albatta ishtirok etishi, voyaga yetmagan guvohning yoki jabrlanuvchining roziligi bilan uning qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedadog yoki jabrlanuvchi vakili ishtirokida so‘rov o‘tkazishbelgilanmoqda.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra davlat bolani huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan, ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinishini amalga oshiradi, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlaydi hamda bartaraf etadi.

Bundan tashqari, Qonun jinoyat jarayoni ishtirokchisi bo‘lgan bolaning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini belgilovchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Jumladan, bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta’sir o‘tkazish, uni ko‘rsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash, sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillarining ishtirokisiz amalga oshiriladigan protsessual harakatlarni bajarish taqiqlanadi, shuningdek voyaga yetmagan shaxsning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi nazarda tutilmoqda.Qonun qabul qilinishi bolaning, shu jumladan jinoyat jarayoni ishtirokchisi hisoblangan bolaning huquqlari himoyasini kuchaytirishga, jinoyat jarayonining barcha bosqichlarida voyaga yetmaganlar huquqlari himoyasini ta’minlashga xizmat qiladi.Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng Senat a’zolari “Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, Qonunning maqsadi tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, shaffoflikni oshirish orqali korrupsiya omillarining oldini olishdir. QonunO‘zbekiston Respublikasining 5 ta qonuni va 2 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, Fuqarolik kodeksiga faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, sudning qaroriga ko‘ra yuridik shaxsni tugatish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Bundan tashqari, tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon berishi,yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektini ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi e’lon ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi Qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda. Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi e’londa uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari ko‘rsatiladi. Bu muddat tugatish to‘g‘risidagi e’lon chiqqan paytdan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi kerak.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish bo‘yicha ochiq tanlovda fermer xo‘jaligi boshlig‘i tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan mol-mulk, texnika va pul mablag‘lari ustav fondiga kiritilmaganda fermer xo‘jaligi tugatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.“Xususiy korxona to‘g‘risida”gi Qonunga xususiy korxona uning mulkdorining yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudning qaroriga ko‘ra qayta tashkil etilishi, shuningdek xususiy korxona uning mulkdorining yoki sudning yoxud ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra tugatilishi mumkinligini belgilovchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Fuqarolik kodeksiga va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunlarganorma kiritilmoqda. Unga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra jamiyatni tugatish ushbu jamiyat moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz holatga o‘tkazilgan paytdan e’tiboran uch yil ichida uning faoliyati tiklanmagan taqdirda amalga oshiriladi.

Soliq kodeksiga qo‘shilayotgan normaga ko‘ra tadbirkorlik sub’ekti ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvi soliq to‘lovchi faoliyatining bevosita tekshiruv o‘tkazilayotgan yildan oldingi ko‘pi bilan uch kalendar yilni qamrab olishi mumkin. Qonun qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirishga va shaffofligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Senatorlar “1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ma’qulladilar.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2019 yil 24 avgust kuni “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiyaga (Kishinev, 2002 yil 7 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonunni ma’qulladi. Bu Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Armaniston, Ukraina, Tojikiston, Gruziya va Moldova vakolatli organlari bir-biri bilan o‘zlarining markaziy, hududiy va boshqa organlari orqali hamkorlik qilishi uchun huquqiy asoslar yaratishga ko‘maklashadi. Biroq ushbu Qonunning talablariO‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarga tatbiq etilmaydi, chunki Rossiya Federatsiyasi 2002 yil 7 oktyabrda Kishinevda imzolangan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiyaning ishtirokchisi hisoblanmaydi. Shu bilan birga, Minsk konvensiyasi doirasida ko‘rib chiqiladigan huquqiy yordam to‘g‘risidagi so‘rovlarning ko‘pchiligi Rossiya Federatsiyasi ulushiga to‘g‘i keladi. Senatorlar Qonun Minsk konvensiyasi ishtirokchi mamlakatlari vakolatli organlarining o‘zaro munosabatlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Senati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019 yilgi xarajatlariga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini ijro etish jarayonida ayrim sohalar bo‘yicha xarajatlar ko‘paydi, shu munosabat bilan qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu yo‘nalishlardagi xarajatlar 10 foizdan ortiqqa oshishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlab turish uchun xarajatlar 12,3 foizga kamayishi kutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda Senat ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan taqdimnomasiga muvofiq tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha 2019 yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarini 11676,3 mlrd. so‘mga oshirish va 95,2 mlrd. so‘mga kamaytirish to‘g‘risida so‘rovnoma bayon etilgan. Masala parlament a’zolari tomonidan ma’qullandi, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin parlament a’zolari Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida, Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

So‘ngra senatorlar Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini o‘rganish natijasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Davlat bojxona xizmati organlarida qonun hujjatlari ijrosi holatini o‘rganishda qator muammoli masalalar aniqlanganligi, shu tufayli mazkur parlament so‘rovini yuborish zarurati yuzaga kelganligi ta’kidlandi. Bu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlararzon uylar joylar qurish jarayonidagi muammolar, shuningdek aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash jarayonidagi muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborilishini ma’qulladilar.

Oliy Majlis Senati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdilar. Yalpi majlisda parlament yuqori palatasining vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Barcha muhokama etilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida 19 ta masala, shu jumladan 10 ta qonun ko‘rib chiqildi. Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati



Marta o`qilgan: 1264