×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
12:11:25 (GMT +5), yakshanba, 17 - noyabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


12 - oktabr 2019

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2019-yil 12-oktabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.

Majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Senatorlar Namangan viloyatining Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Namangan va Yangiqoʻrgʻon tumanlari, Andijon viloyatining Xonobod shahri va Qoʻrgʻontepa tumani chegaralarini oʻzgartirish, shuningdek, Andijon viloyati Boʻz tumanining nomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqdilar.

Qayd etilganidek, taklif etilayotgan oʻzgartishlar natijasida Namangan va Andijon viloyatlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, aholi uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish imkoniyati paydo boʻladi.

Bu oʻzgartirishlar mazkur hududlar uchun dolzarb boʻlgan vazifalarni hal etishda, shu jumladan, hududlarning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqib tuziladigan tasdiqlangan mahalliy dasturlarni toʻliq amalga oshirishda muhim omil boʻlishi taʼkidlandi. Muhokama yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shundan soʻng senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitdilar.

Mamlakatimizning “yashil libosi”, ayniqsa daraxtzor va butazorlar ekotizim muvozanatini, havo tozaligini, demakki, aholi salomatligini taʼminlashda muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Aynan shu nuqtayi nazardan ularni avaylab-asrash va koʻpaytirish zarur. Biroq keyingi paytda har yerda daraxtlarning nazoratsiz kesib tashlanishi tufayli yashil oʻsimliklar fondi, ayniqsa asrlar osha saqlanib kelayotgan daraxtlar soni keskin kamaymoqda, bu esa haqli ravishda jamoatchilikning eʼtirozlarini keltirib chiqarmoqda. Xususan, Oliy Majlis Senatiga ushbu masala yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda. Bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab boʻldi. Shuni inobatga olgan holda, bu masala yalpi majlis kun tartibiga kiritildi.

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan oʻrmon fondiga kirmaydigan yerlardagi daraxt va butalar kesilishi bilan bogʻliq holat oʻrganilganda bu borada muammolar borligi aniqlandi. Jumladan, 2017-yilga nisbatan daraxtlar kesib tashlanishi 56 foizga koʻpaydi. Ayni vaqtda daraxtlarni kesish bilan bogʻliq 3 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlandi va bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mazkur davriga nisbatan 66 foizga oshdi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish, davlat organlari yoki tadbirkorlar ehtiyojlari uchun yer ajratishda mavjud daraxtlarni boshqa yerga koʻchirib ekish yoki daraxtzor boʻlmagan hududlarga yangi daraxtlar ekish amaliyotini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga daraxtlarni roʻyxatga olish boʻyicha metodik qoʻllanma ishlab chiqish, shuningdek, aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini kuchaytirishga eʼtibor qaratish topshirildi. Yalpi majlisda Oliy Majlis Senatining tegishli qarorida oʻz aksini topgan boshqa aniq taʼsirchan chora-tadbirlar ham bildirildi.

Soʻngra parlamentning yuqori palatasi aʼzolari Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.

Qayd etilishicha, joriy yil yanvar-avgust oylari yakunlari boʻyicha viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognoz koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarilgan. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 trillion 137 milliard soʻmni (109,5 foiz) tashkil etdi, 3 trillion 541 milliard soʻmlik xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarildi.

Davlat rahbarining 2017-2019-yillardagi tashriflari chogʻida viloyatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olinganligi taʼkidlandi. Jumladan, bu davrda 14,7 trillion soʻmlik mablagʻlar oʻzlashtirilishi hisobiga 1252 ta loyiha amalga oshirildi, 26275 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi. Tadbirkorlikning barcha shakllarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda 4622 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etildi, bu esa oʻtgan yilga nisbatan oʻsish ikki baravarni tashkil etganini anglatadi. Viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirgi vaqtga qadar 235,0 million dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Bu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 3,1 baravarga oʻsdi.

Soʻnggi uch yilda viloyat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida va doimiy komissiyalar majlislarida ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi 812 mansabdor shaxsning hisobotlari eshitildi, bu esa, oʻz navbatida, islohotlar samaradorligini taʼminlashga koʻmaklashdi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatida hududlarni rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishi samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan koʻplab muammo va kamchiliklar mavjud. Shu munosabat bilan mahalliy hokimiyat vakillik organlari faolligini oshirish, ularning faoliyatiga yangi usullar va yondashuvlarni joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Hal etilishi lozim boʻlgan muammolar orasida respublika va mahalliy ahamiyatga ega yoʻllarni taʼmirlash, davlat ahamiyatiga molik Fargʻona halqa yoʻlini modernizatsiyalash va kengaytirish zarurligi qayd etildi. Ushbu yoʻldan 2018-yilda 25-30 ming avtotransport vositasi, bugungi kungacha esa 30-35 ming avtotransport vositasi foydalandi, ammo amaldagi normalarga muvofiq mazkur yoʻl bor-yoʻgʻi 10-15 ming avtotransport vositasini oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Joriy yilning oʻtgan davrida bu yoʻlda ayanchli oqibatlarga olib kelgan koʻplab yoʻl-transport hodisalari qayd etilgani, ularning koʻpchiligi qarama-qarshi tomonga chiqib ketish bilan bogʻliqligi taʼkidlandi. Xavfsizlikni taʼminlash va haydovchilarga qulaylik yaratib berish uchun yoʻnalishning qatnov qismlarini qayta qurish va ikkitadan toʻrttaga kengaytirish hamda himoya yoʻl toʻsiqlari oʻrnatish zarurligi haqida soʻz bordi. Bu vazifani moliyalashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish muhimligiga urgʻu berildi.

Viloyatda aholining suv taʼminoti bilan bogʻliq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, aholining 37,8 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan. Mavjud 508 suv olish inshooti quvvatining atigi 46 foizidan foydalanilmoqda, suv quduqlarining 13 foizi taʼmirtalab, 8 foizi yaroqsiz holga kelgan. Mahalliy hokimliklarning meliorativ ishlar samaradorligini oshirish bilan bogʻliq tashabbuslari masʼul vazirliklar va idoralar tomonidan batafsil oʻrganilmayapti.

Muhokama chogʻida senatorlar tomonidan hududni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar bildirildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan va Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.

Senatning tegishli qoʻmitalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti bilan birgalikda oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil Mehribonlik uyida tarbiyalangan bolalarni jamiyatga ijtimoiy moslashtirishda qator muammolar borligini koʻrsatdi. Shu munosabat bilan bunday soʻrov yuborish zarurati yuzaga keldi. Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar tabiiy gaz quvurlari tizimi holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.

Qayd etilganidek, aholi bilan muloqot, gaz quvurlari tizimi holatini tekshirish, tegishli qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyoti ijrosini tahlil qilish vaqtida qator tizimli muammo va kamchiliklar aniqlandi. Shu munosabat bilan parlament soʻrovi yuborish zarurati yuzaga keldi. Bu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini muhokama qildilar.

Oliy Majlis Senatining joriy yil 21-iyundagi tegishli qarori bilan bu parlament soʻrovi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi. Soʻrovga 2019-yil 20-avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrilganligi qayd etilmoqda. Jumladan, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda akademik litseylarda ilgʻor pedagogika texnologiyalari asosida oʻqitishni tashkil etish, bitiruvchilar bandligini taʼminlash, mazkur taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlandi. Ushbu hujjatda belgilangan maqsadli vazifalarda Oʻzbekiston Respublikasining bitta Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilgan. Muhokama yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini taʼminlash masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini muhokama qildilar.

Oliy Majlis Senatining joriy yil 4-maydagi tegishli qarori bilan ushbu parlament soʻrovi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi.

2019-yil 3-avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilgani qayd etilgan. Xususan, parlament soʻrovida bayon etilgan talablarni bajarish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasi, shu jumladan, aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining, yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishining oldini olish tadbirlari tasdiqlandi. Ularning oʻz vaqtida ijro etilishi nazoratga olindi. Muhokama yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini koʻrib chiqdilar hamda tasdiqladilar.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar, uning yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi chogʻida 31 ta masala, shu jumladan, 19 ta qonun, Vazirlar Mahkamasiga oid 4 ta parlament soʻrovi koʻrib chiqildi.

Yigirma uchinchi yalpi majlis faoliyati birinchi marta onlayn rejimda Oliy Majlis Senatining rasmiy sayti orqali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida translyatsiya qilindi. Yalpi majlisni yoritish uchun Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati tomonidan mamlakatimiz va xorij ommaviy axborot vositalarining 130 dan ortiq vakili akkreditatsiya qilindi.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari demokratik islohotlar va yangilanishlarni izchil amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani taʼkidlandi. Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan parlament, deputatlar va jamoatchilik nazorati yanada kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.



Muallif: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati
Marta o`qilgan: 193