×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
11:58:48 (GMT +5), yakshanba, 17 - noyabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


12 - oktabr 2019

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2019-yil 11-oktabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi ish boshladi.

Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Senatorlar ishni “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar. Qonunda bank faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish, bank faoliyatining oʻziga xos tavakkalchiliklarini nazorat qilish, shu jumladan, tavakkalchiliklarni boshqarishga doir talablar belgilangan. Jumladan, banklarning ustav kapitali miqdori 100 milliard soʻmni tashkil etadi.

Qonun bilan bankni tashkil etish, banklarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun dastlabki ruxsat berish, bank faoliyatiga litsenziyalar berish, investorlar tomonidan bank aksiyalarini Markaziy bank roziligisiz xarid qilish tartibi takomillashtirilmoqda. Shuningdek, banklararo operatsiyalar, banklar va ularning mijozlari oʻrtasidagi munosabatlar, kreditlar, depozitlar boʻyicha foiz stavkalari, shuningdek, kreditlar qaytarilishini taʼminlash tartibga solinmoqda. Moliyaviy muassasalar tegishli xizmatlar koʻrsatish, axborot taqdim etish, murojaatlarni koʻrib chiqish va monopoliyaga qarshi qoidalarga banklar rioya etishini nazorat qilish orqali bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi belgilab qoʻyilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan prudensial nazorat mexanizmi joriy etilmoqda. U tegishli normativlar, banklarning moliyaviy holatini tiklash rejasi, oʻzaro bogʻliq shaxslar bilan bitimlar tuzishni tartibga solish, banklarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish uchun vaqtinchalik boshqaruvini tayinlash, bank tavakkalchiliklari paydo boʻlganda ularni erta aniqlash va bank faoliyatining barqarorligini taʼminlashni oʻz ichiga oladi.

Bundan tashqari, banklarda hisob, hisobdorlik va auditorlik tekshiruvi toʻgʻrisidagi normalar kiritilmoqda, u buxgalteriya hisobi yuritishni, moliyaviy muassasalar hisobdorligini, bank operatsiyalariga doir hujjatlarni saqlashni, banklarning auditorlik tekshiruvini va auditorlik tekshiruvini amalga oshiruvchi tegishli tashkilotga qoʻyilgan talablarni oʻz ichiga oladi.

Parlament aʼzolari Qonunning qabul qilinishi omonatchilar va bank xizmatchilaridan boshqa foydalanuvchilar huquq hamda manfaatlarini hisobga olgan holda banklar barqarorligini taʼminlash va ular oʻrtasida samarali raqobat muhitini yaratishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining huquqiy maqomi, vakolatlari, vazifalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi mustahkamlab qoʻyilgan. Mamlakatning bosh moliyaviy muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisobdordir. Oliy Majlis Senati Markaziy bankning yillik hisobotini auditorlik tashkilotining xulosasi bilan birga koʻrib chiqadi.

Markaziy bank uchinchi shaxslarga moliyaviy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanishga, bundan oʻz tasarrufidagi tashkilotlar mustasno, tijorat faoliyatini amalga oshirishga, uchinchi shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari boʻyicha kafolatlar berishga, banklarning kapitallarida va boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida ishtirok etishga, bundan valyuta birjasining, shuningdek, Markaziy bankning faoliyatini taʼminlovchi oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning kapitallarida ishtirok etishi mustasno, haqli emasligi Qonunda belgilanmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonunning qabul qilinishi pul-kredit siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda yangi yondashuvlar hamda prinsiplarni tatbiq etishga va bank tizimini rivojlantirishning barqaror surʼatlarini qoʻllab-quvvatlashga, umuman bank tizimi va Markaziy bankning barqaror faoliyat olib borishi samarali nazorat qilinishini taʼminlaydi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini muhokama qildilar. Mazkur normativ-huquqiy hujjat valyuta operatsiyalarini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi, valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy chora-tadbirlarning ustuvorligi, rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi. Qonun bilan Markaziy bank valyutani tartibga soluvchi davlat organi etib belgilangan.

Parlament aʼzolarining taʼkidlashicha, ushbu Qonunning qabul qilinishi rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda oʻz valyuta mablagʻlarini erkin tasarruf etish boʻyicha huquqlarini toʻliq amalga oshirishga, amaliyotda uchraydigan valyuta operatsiyalarini oʻtkazishning imkon qadar barcha jihatlarini taʼriflashga, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda kapital harakatlanishi bilan bogʻliq operatsiyalarni tartibga solish imkonini beradigan qonunchilik bazasini tashkil etishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

“Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama etilgan kun tartibidagi yana bir masala boʻldi. Qonun toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida toʻlovlarni amalga oshirish hamda toʻlov xizmatlari koʻrsatish chogʻida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonunning amal qilishi kripto-aktivlarga doir operatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, toʻlov xizmatlari tizimini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi rivojlantirilishini qoʻllab-quvvatlash toʻlovlar va toʻlov tizimlari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.

Qonunga asosiy tushunchalar kiritilib, toʻlov tizimi va uning ishtirokchilari, operatorlarga taʼrif berilmoqda, ularning funksiyalari, shuningdek, toʻlov tizimlari turlari va ularning muhimligini aniqlash mezonlari, ularni saqlab turish qoidalari ochib berilmoqda, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga, muhim toʻlov tizimining ishlashini oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazishga, toʻlov tizimidagi toʻlovlarning yakunlanganligiga doir normalar belgilanmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi toʻlovlar va toʻlov tizimlari sohasida yagona axborot va huquqiy makon yaratilishini, Markaziy bank tomonidan toʻlov xizmatlari bozori samarali tartibga solinishini, toʻlov tizimlari faoliyatini, toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatini taʼminlash, toʻlov xizmatlaridan foydalanish, shu jumladan, qishloq joylarda va olis joylarda foydalanish imkoniyatini va shaffofligini oshirish, elektron pullar sohasidagi munosabatlarni tartibga solish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishiga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra yalpi majlis ishtirokchilari “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, ilmiy faoliyat sohasini davlat tomonidan tartibga solish prinsiplarini va qoʻllab-quvvatlash shakllarini belgilovchi yagona huquqiy hujjatni yaratish, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini hal etishda ilmiy gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar imkoniyatlarini kengaytirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini taʼminlashdan iborat.

Taʼkidlanganidek, Qonunda ilmiy ijod va axborot erkinligi, samaradorlik va ijodiy raqobat, manfaatdorlik va ragʻbatlantirish, ilmiy ekspertizaning xolisligi, inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikdan iborat ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy tushunchalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, oliy taʼlim tizimi, shuningdek, boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik, idoralar hamda tashkilotlar, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda ilmiy faoliyat subyektlari doirasi, ularning huquq va majburiyatlari, oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyat yuritish tartibi ochib berilgan. Jumladan, belgilab qoʻyilishicha, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayoni bilan birga ilmiy faoliyat ham yuritiladi va ushbu muassasalarning pedagog kadrlari tegishli yoʻnalishlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari shart.

Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlari, ilm-fan va taʼlimning hamda ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligi, ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga doir normalar nazarda tutilmoqda. Qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat barcha ishtirokchilarining samarali hamkorligini taʼminlashga, ilmiy faoliyat sohasidagi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy munosabatlarni, tegishli masalalarni tartibga solishga, shuningdek, ilm-fan sohasidagi tushunchalar uygʻunlashtirilishi va bir xilda talqin etilishini taʼminlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin Senat aʼzolari “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Ushbu normativ-huquqiy hujjat avval Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilib, uni takomiliga yetkazish oʻta zarurligi tufayli senatorlar tomonidan qaytarilgan edi. Qonunning yangi tahririda va nomida avvalgi muhokamalar chogʻida ekspertlar tomonidan bildirilgan barcha fikr-mulohazalar hisobga olindi.

Qonunda batafsil tayanch tushunchalar kiritilmoqda. Goʻdak, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlari, kichik yoshdagi bolalar, ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar, sunʼiy oziqlantirish, shuningdek, qoʻshimcha ovqat mahsulotlari kabi tushunchalar ochib berilmoqda. Homilador ayollar, emizikli onalar, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ona suti bilan oziqlantirishga boʻlgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiradi. Bundan tashqari, ushbu organlarning vakolatlari ham belgilanmoqda.

Qonunda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan, qayta ishlangan mahsulotdan olingan xomashyoni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmasligi aniq belgilab qoʻyilmoqda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan, sanitariya qoidalari hamda normalariga muvofiq boʻlmagan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, yoʻq qilish yoki ulardan oziq-ovqat ehtiyojlaridan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish usullari va shartlari ularning egalari tomonidan nazorat qiluvchi davlat organlari bilan kelishiladi.

Soʻzga chiqqanlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi ilk kunidan boshlab goʻdaklarning oqilona ovqatlanishini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirishga, faqat koʻkrak suti bilan oziqlantiriladigan bolalar sonini doimiy oshirib borishga, ularning sogʻlom oʻsishini taʼminlashga, goʻdaklar va bolalar oʻrtasida kasalga chalinish va oʻlim koʻrsatkichlarini kamaytirishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatorlar “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdilar. Qayd etilishicha, Qonun madaniyat va sanʼatni, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasidagi ilm-fanni, taʼlimni, maʼrifatni hamda boshqa faoliyatni rivojlantirish maqsadida homiylik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunga tayanch tushunchalar kiritilib, unda metsenat, metsenatlik (metsenatlik faoliyati), metsenatlik koʻmagi, metsenatlik koʻmagini oluvchi tushunchalari ochib berilgan. Qonunga koʻra metsenatlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining madaniy meros obyektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, madaniyat va sanʼat sohasidagi kasbiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasining madaniy meros obyektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni, loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish, madaniyat va sanʼat sohasidagi yosh isteʼdodlarni va arboblarni qoʻllab-quvvatlash, jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu sohani rivojlantirishda ishtirok etishi uchun maʼnaviy ragʻbatlantirish maqsadlarida amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar metsenatlik faoliyatini ixtiyoriylik hamda bu faoliyatning maqsadlarini erkin tanlash asosida moneliksiz amalga oshirishga haqlidir. Qonunga koʻra metsenatlar va metsenatlik koʻmagini oluvchilar metsenatlik faoliyatining subyektlaridir. Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari metsenatlar boʻlishi mumkin.

Taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi metsenatlarni ragʻbatlantirishning qoʻshimcha nomoddiy usullarini yaratishga, shuningdek, moliyaviy aktivlarni madaniyat va sanʼatga faolroq jalb qilishni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Ushbu Qonunning maqsadi mudofaa sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning asosiy vazifalari mudofaani tashkil etishning va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini boshqarishning huquqiy asoslarini belgilashdan, mamlakat mudofaasini taʼminlashda davlat organlarining vakolatlarini, shuningdek, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, tashkilotlar va fuqarolarning ishtirok etishini aniqlashdan iborat.

Qonunga koʻra mudofaa – bu Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetini, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilishni taʼminlash borasidagi siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, axborotga oid, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlar tizimi. Mustaqillikni, suverenitetni, hududiy yaxlitlikni va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, davlatning harbiy xavfsizligini taʼminlash, Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni, xavfsizlikni, barqarorlikni va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, davlatning harbiy tashkilotini muntazam ravishda rivojlantirish, uni Oʻzbekiston Respublikasini qurolli himoya qilishga shay holatda saqlab turish mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari sifatida belgilanmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, ushbu normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, undan kelib chiqadigan va mamlakatni mudofaaga tayyorlash masalalarini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar, ustav hujjatlarini ishlab chiqishni davom ettirish uchun asoslar yaratishga, Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi tashqi siyosati ochiqligini keng namoyish etishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra yalpi majlisda “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Boshqarish usulini tanlash erkinligi, oʻzini oʻzi boshqarish, kollegiallik, ochiqlik va oshkoralik, tashkiliy va moliyaviy jihatdan mustaqillik, joylarning mulkdorlari oldida muntazam hisobdorlik koʻp kvartirali uylarni boshqarishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.

Bundan tashqari, Qonunda koʻp kvartirali uy va umumiy mol-mulk kabi tushunchalar ochib berilmoqda. Jumladan, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yoʻlaklariga ega boʻlgan ikki va undan ortiq kvartiralar koʻp kvartirali uy deb eʼtirof etiladi.

Koʻp kvartirali uydagi umumiy joylar, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalar umumiy mol-mulkdir.

Belgilanganidek, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi, koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishida belgilanadi. Bunda Qonunga koʻra umumiy mol-mulk, agar uning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun oʻtkazilishi boshqa mulkdorlarning oʻz mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan boʻlsa, boshqa shaxsga berilishi yoxud bir yoki bir nechta mulkdorga yoki boshqa shaxslarga foydalanish uchun oʻtkazilishi mumkin emas.

Qayd etilishicha, Qonun uzoq va yaqin xorij mamlakatlari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan, bu esa uning samaradorligi va taʼsirchanligini taʼminlaydi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari “Oliy darajali “Doʻstlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonun Oliy darajali “Doʻstlik” ordenini taʼsis etishni, uning Nizomini va taʼrifini tasdiqlashni, shuningdek, “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Nizomda belgilanishicha, Oliy darajali “Doʻstlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ayrim holatlarda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qardosh xalqlar oʻrtasida koʻp asrlik doʻstlik va qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, jamiyat va xalqlarning birdamligini uygʻunlashtirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi. Shuningdek, orden har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirish, hududlararo kelishuvlarga erishishdagi sermahsul faoliyati hamda xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik va ishonchni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun ham beriladi.

Taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi qoʻshni va chet davlatlar bilan koʻp asrlik doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, ular bilan har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, tarixiy meros, maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalarni saqlash va koʻpaytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra parlament yuqori palatasi aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasi axborot-kutubxona tizimi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonunning maqsadi va vazifasi axborot-kutubxona tizimi xodimlarini ragʻbatlantirish, ushbu kasb nufuzini oshirish, kutubxonachilik ishiga yosh taraqqiyparvar kadrlarni jalb qilishdan iborat. Bu axborot-kutubxona muassasalarini ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish asosida rivojlantirishga va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirishga koʻmaklashadi.

Qayd etilishicha, ushbu Qonun qabul qilinishi axborot-kutubxona sohasi rivojiga jiddiy taʼsir koʻrsatishga, mazkur soha muassasalarini aholi, shu jumladan, yoshlar orasida keng ommalashtirishga, yuqori malakali kadrlar sonini oshirishga xizmat qiladi. Qonunga koʻra, 21-may – Oʻzbekiston Respublikasi axborot-kutubxona tizimi xodimlari kuni etib belgilangan. Senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.

Soʻngra parlament aʼzolari “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 5 ta qonuni va 6 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayogan normaga koʻra mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida qaror chiqarilgandan keyin surishtiruvchi yoki tergovchi garov reyestriga bir kun ichida tegishli yozuvni kiritadi, mol-mulkni xatlash haqida sud ajrimi chiqarilgandan keyin esa qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli boʻlgan organlar tomonidan uch sutka ichida shunday yozuv kiritiladi.

Fuqarolik kodeksi kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulki hisobidan qanoatlantirish, garov predmetini identifikatsiya qilish, garovga qoʻyilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulkni sotish toʻgʻrisidagi normalar bilan toʻldirilmoqda.

Iqtisodiy protsessual kodeksga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra, agar undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab bildirilgan boʻlsa, sud buyrugʻi sudya tomonidan yakka tartibda beriladi.

Fuqarolik protsessual kodeksga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra sud buyrugʻi, agar undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa beriladi. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizada toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkning tavsifi keltirilishi kerak. Sud buyrugʻida undirilishi lozim boʻlgan pul summalarining miqdori yoki undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulk uning tavsifi va bahosi koʻrsatilgan holda boʻlishi kerak.

Qonun qabul qilinishi aholi va kichik biznesni moliyalashtirish imkoniyatini, Oʻzbekistonning xalqaro reytingini, kechiktirilgan kreditlar darajasini pasaytirishga va moliya tizimi barqarorligini oshirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin yalpi majlisda “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 11 ta qonuni va 7 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Naslchilik toʻgʻrisida”gi, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil vazifalari hamda vakolatlari doirasi kengaytirilishi, uning devoni faoliyati isloh qilinishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning va uning devoni xodimlarining tadbirkorlik faoliyati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzish huquqi nazarda tutilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi Qonunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishni va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv qonuniyligini nazorat qilishni muvofiqlashtirish vazifasi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonun hujjatlari buzilgan holatlar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish huquqi belgilanmoqda.

Fuqarolik protsessual kodeksda, Iqtisodiy protsessual kodeksda va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning, shuningdek, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarning kuchga kirgan qarorlari ustidan kassatsiya va nazorat tartibida shikoyat qilish boʻyicha huquqi nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlanganidek, Qonun qabul qilinishi prokuratura organlari kuchini va vositalarini prokuratura asosiy maqsadlari va vazifalarini kasbiy bajarishga qaratish orqali ularning faoliyatini takomillashtirishga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning oʻz faoliyati sohasidagi vakolatlarini mustahkamlashga, shuningdek, uning devoni xodimlarini ragʻbatlantirishga, veterinariya nazoratini kuchaytirishga va veterinariya servisi sifatini oshirishga, mamlakatning epizootik farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdilar.

Qonun Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Soliq kodeksiga, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik, mazkur organ harbiy xizmatchisining (xodimining) oʻz xizmat burchini bajarishiga qarshilik koʻrsatganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi va bu huquqbuzarlikar maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilishini belgilovchi moddalar bilan toʻldirilmoqda.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻldirilmoqda. Jumladan, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari bilan toʻldirilmoqda hamda uning vakolatlari nazarda tutilmoqda. Senatorlar qayd etganidek, Qonun qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari faoliyatida ularning huquq va majburiyatlari hamda vakolatlarini mustahkamlashga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng parlament aʼzolari “Chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish qoidalarini buzganligi uchun javobgarligi liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidan 224-modda (Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzish) chiqarib tashlanmoqda. Bunday holat ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatlar soni kamayganligi bilan izohlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 3812-moddasiga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar jinoyat toifasidan chiqarilishi munosabati bilan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv oʻtkazishni istisno etishni nazarda tutuvchi tegishli oʻzgartish kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik chora-tadbirlarini farqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalariga oʻzgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari “Bojxona maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qonunda bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini oshirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, jarima sanksiyalarining oshirilishi huquqbuzarliklarning quyidagi turlariga nisbatan qoʻllaniladi: bojxona organi ruxsatisiz berish, tovarlar, transport vositalari va ular hujjatlarini yoʻqotish yoki yetkazib bermaslik, bojxonada rasmiylashtirish tugallanmagan tovarlar va transport vositalarini tasarruf etish va hokazo.

Shu bilan birga, Qonunda maʼmuriy jazo qoʻllangandan keyin oʻttiz kun ichida tovar va transport vositalari qaytarib olinmasa, fuqarolar uchun tovar va transport vositalarini musodara qilish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, tegishli moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun transport vositalarini ushlash va koʻzdan kechirishga doir bojxona organlari mansabdor shaxslarining huquqi mustahkamlanmoqda.

Shuni taʼkidlash lozimki, Qonun qabul qilinishi qonun ustuvorligini taʼminlashni davom ettirishga, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtish boʻyicha noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanayotgan shaxslar javobgarligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Parlament yuqori palatasi aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Qayd etilganidek, Qonun 8 ta qonunga va 4 ta kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilab qoʻyilishicha, tabiatni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy mexanizmi ekologik xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolar sogʻligʻini va atrof-muhitni gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilarning zararli taʼsiridan himoya qilish uchun utilizatsiya yigʻimi undirishni nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-dekabrdagi PQ–4086-son qarorining 28-bandi asosida 2019-yil 1-yanvardan boshlab zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa hamda dafn etish marosimi uchun nafaqalarni toʻlash xarajatlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Ekologik xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolar sogʻligʻini va atrof-muhitni gʻildirakli transport vositalari texnik xususiyatlari va eskirishini hisobga olib, ulardan foydalanishning zararli taʼsiridan himoya qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, motor transport vositalarini utilizatsiya qilish mexanizmlarini jahon amaliyotiga muvofiq yanada takomillashtirish maqsadida “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonun utilizatsiya yigʻimiga doir norma bilan toʻldirilmoqda.

“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Qonunning qabul qilinishi tegishli sohalarda qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari tomonidan “Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Parij, 2005-yil 20-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqidagi” hamda “Oʻzbekiston Respublikasining biologik xilma-xillik haqidagi Konvensiyaning bioxavfsizlik boʻyicha Kartaxena protokoliga qoʻshilishi (Monreal, 2000-yil 29-yanvar) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi va maʼqullandi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirma uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.



Muallif: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati
Marta o`qilgan: 174