×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
05:36:00 (GMT +5), dushanba, 23 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


26 - avgust 2019

Deputatlar “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni muhokama qildilar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.

Xususan, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasi qizg‘in kechdi.

Parlament quyi palatasining 2019 yil 2 avgustda o‘tgan majlisida deputatlar ushbu qonun loyihasining ayrim normalariga aniqlik kiritish, bahsli normalarni maromiga yetkazish maqsadida loyihani mas’ul qo‘mitaga qaytargan edi. O‘tgan vaqt davomida loyiha parlament a’zolari tomonidan mutasaddi vazirliklar vakillari, mutaxassislar ishtirokida jiddiy ko‘rib chiqildi, deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida pishiq-puxta holga keltirilib, maromiga yetkazildi.

Loyihaga fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar hamda muassasalarga ko‘maklashishga, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishda ishtirok etishga doir xatti-harakatlarni tartibga soluvchi normalar kiritildi. Bundan tashqari, loyiha bilan fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga doir faoliyati ichki ishlar organlari tomonidan muvofiqlashtirilishi belgilanmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar va muassasalarga aholi bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish hamda jamoat tartibini saqlash tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng xalq vakillari “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qildilar. Ta’kidlash joiz, mamlakatimizda keyingi uch yil ichida mudofaa sohasi – Qurolli Kuchlar tizimida keng islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan hayotimizga samarali tatbiq etilayotgan Harakatlar strategiyasi negizida jahondagi va mintaqadagi mavjud vaziyatning rivojlanish dinamikasini, shuningdek, ustuvor vazifa va imkoniyatlarimiz hisobga olinib, yangilangan Mudofaa doktrinasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi ilk bor ochiq xususiyatga ega mazkur doktrinani qabul qilish bilan harbiy sohada mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlashga doir prinsiplar va yondashuvlarni butun dunyoga e’lon qildi. Natijada harbiy sohada xalqaro hamkorlik miqyosi, o‘zaro ishonch va o‘zaro tajriba almashish ko‘lami kengaydi, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi va tayyorgarligi darajasi yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilandi. Joylarda harbiy-ma’muriy sektorlar joriy etildi. Moddiy-texnik baza yangilandi, armiyani zamonaviy qurollar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, eng muhimi, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimi yuksak pog‘onaga olib chiqildi.

Natijada harbiy xizmat chinakam sharafli kasbga aylandi. Xalq bilan armiyaning birligi, yakdilligi amalda to‘liq namoyon bo‘lmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi tahrirdagi “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 12 iyul kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Majlisda qayd etilganidek, qonunning normalari jahondagi va mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, ehtimol tutilgan tahdidlar, milliy xavfsizlikka bo‘lgan xavf-xatarlar va ularga qarshi yo‘naltirilgan mamlakatning salohiyati, shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda mudofaa sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda, qayta ishlab chiqilgan.

E’tiborlisi, o‘tgan vaqt mobaynida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan loyiha ikkinchi o‘qishga tayyorlanib, maromiga yetkazildi. Shuningdek, loyihadan havolaki normalar chiqarilib, ular o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi. Loyihani takomillashtirish jarayonida Mudofaa vazirligi mutaxassislari bilan o‘tkazilayotgan islohotlarga hamohang tarzda bir qator jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yangi sharoitlarda O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsad va vazifalarini belgilab berish, mamlakatimiz milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini inobatga olgan holda, davlat harbiy tashkilotini rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlarini aniqlashga ustuvor vazifa sifatida qaraldi.

Deputatlarning fikricha, yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonunchilik tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining mudofaa sohasida ochiqligini keng namoyon etish barobarida, yurtimiz suverenitetini, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligi himoya qilinishini ta’minlovchi siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlar tizimini sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarishga zamin yaratadi.

Tadbirda ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyatini, avvalo, harbiy xizmatchilarga, qolaversa, xalqimizga, yoshlarga yetkazish lozimligi, bunda parlament vakillari Mudofaa vazirligi mutasaddilari bilan birgalikda harbiy qism va muassasalarda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati
Marta o`qilgan: 154