×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:27:12 (GMT +5), juma, 21 - iyun 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


20 - may 2019

O‘zbekiston Hukumati davlat dasturi bajarilishi yuzasidan deputatlarga ilk bor hisobot berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish barobarida Bosh vazir va Hukumat a’zolari Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Oliy Majlis palatalari oldida har chorakda hisobot berib borishi belgilab berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, mazkur yangi institutni amaliyotga tatbiq etish ishlari boshlandi: 2019-yil 18-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ilk bor Vazirlar Mahkamasining 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019-yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov taqdim etdi.

Hisobotda keltirib o‘tilganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini izchil amalga oshirish barorida Vazirlar Mahkamasining tashkiliy jihatdan qayta ko‘rib chiqilib, faoliyati yangi mazmun bilan boyitilgani, yirik xo‘jalik boshqaruv subyektlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilgani Hukumat tomonidan Davlat dasturining birinchi chorak uchun belgilangan ustuvor vazifalarini o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat dasturining bajarilishida bir qator jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 17-yanvardagi Farmoni bilan belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni sifatli, samarali amalga oshirish, hisobot davrida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy-ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini yuksaltirish, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rishga ustuvor ahamiyat berildi.

Shu davr ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarida davlat budjetining daromadlarini shakllantirish va xarajatlari hamda budjet taqchilligi mo‘‘tadilligini ta’minlash katta ahamiyat kasb etdi. Mamlakatda amalga oshirilgan izchil tashqi savdo siyosati tufayli eksport hajmi hamda jami tashqi savdo aylanmasining ortishiga erishildi.

Respublikada yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida investitsiyalarning o‘zlashtirilishi jadallashtirildi. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Investitsiya dasturining alohida ahamiyati bor. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida moliyalashtirishning sezilarli o‘sishi ta’minlanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobarni tashkil etdi.

Amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar orasida aholiga transport xizmatini ko‘rsatish, uy-joy, ichimlik suv bilan ta’minlash ishlari alohida ahamiyat kasb etib, sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

O‘tgan davrda Hukumat faoliyatida ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanish ustuvor vazifaligi ta’minlanib, aholining bandligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimini takomillashtirish ishlariga alohida e’tibor berildi. Shu o‘rinda “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”va dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa yerlarini rivojlantirishga doir dasturlar asosida ish o‘rinlarini yaratish jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan yaratuvchanlik ishlari natijasida zamonaviy qishloqlar (jami 478ta)da 312 ming 549 xonadon qurilib, 1,7 million nafar aholining, shaharlardagi mahallalarda esa, 496 ming aholining yashash sharoiti yaxshilandi.Bularning barchasi bir maqsadga — mamlakat taraqqiyoti va aholining turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qilyapti.

Vazirlar Mahkamasining hisoboti deputatlar tomonidan har tomonlama, chuqur tahlil qilindi. Parlament vakillari, avvalambor, Davlat dasturida belgilangan, o‘tgan davrda ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar, ularning Oliy Majlis quyi palatasiga o‘z vaqtida kiritilishi hamda mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish bilan bog‘liq masalalar yechimiga alohida ahamiyat qaratdilar. Davlat dasturining ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan nazoratning yanada ta’sirchanligi va samaradorligini ta’minlash, bunda parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Jumladan, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari Davlat dasturining 2019-yil birinchi choragida ijrosi ta’minlanishi rejalashtirilgan 63 ta banddanamalda 46 tasi bajarilganiga e’tibor qaratar ekan, o‘z vaqtida ado etilmagan bandlar bo‘yicha asosli e’tirozlar bildirdilar. Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat dasturlarini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlaridagi mavjud byurokratik to‘siq va subyektiv omillarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat alohida ko‘rsatmadan iborat normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, qat’iy nazoratni amalga oshirishi lozimligi, zarur hollarda deputatlar bilan bu sohada faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarurligini bildirib o‘tdilar.

Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shuhrat BAFAYEV yilning o‘tgan davrida mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ko‘p ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini ta’kidladi. Deputatning qayd etishicha, parlamentda qizg‘in muhokamalar bilan qabul qilingan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun jahon bozorlariga integratsiyalashish va eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bojxona ma’muriyatchiligini yanada liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, biznesni rivojlantirish yo‘lida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash kabi muhim jihatlarni o‘z ichiga qamrab oldi. Shu jihatlari bilan u partiyaning markazdagi va joylardagi vakillari, tadbirkorlar, fermerlar tomonidan ayni kutilgan hujjat bo‘ldi.

O‘zbekistonning xalqaro yevro obligatsiyalarini ilk bora London birjasida joylashtirish orqali mamlakatimizning xalqaro moliyaviy bozorga kirib borishi, xalqaro yevro obligatsiyalarning mazkur birjada joylashtirilishi mamlakatimizning rivojlangan davlatlar bilan jahon moliya bozorlarida sog‘lom raqobat qilish imkoniniyatini yaratdi.

Shuningdek, Prezidentimiz qarori bilan ko‘chmas mulkning huquqiy asoslari, kadastr hisobini yuritish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga noqonuniy aralashuvlar bekor qilingani bois, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish borasida “Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatimiz reytingi ko‘tarildi.

29 mingdan ortiq kichik biznes korxonalarini umumiy o‘rnatilgan shakldagi soliqqa o‘tkazish ishlarining muvofiqlashtirilishi natijasida “yashirin iqtisodiyot” hajmi sezilarli qisqartirilib, hududlarda budjet tushumlari oshishiga salmoqli zamin yaratildi. Yil boshidan 341,2 million so‘mlik 32 ta sanoat obyekti va ijtimoiy infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirilishi natijasida esa, 1806 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, o‘tgan davrda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, shuningdek mamlakatimiz hududlarining ijtimoiy rivojlanishi darajasini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida ijro etilishi iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun mustahkam asos bo‘ldi.

To‘g‘ri, joriy yilning birinchi choragida bajarilishi lozim bo‘lgan Davlat dasturining ayrim bandlarining ijrosi davom etmoqda, ba’zi bandlar ijrosining muddati uzaytirilgan. Fraksiyamiz a’zolari joriy yil aprel oyining boshida davlatimiz rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan markazda va joylarda barcha imkoniyat hamda salohiyatdan to‘la foydalangan holda, Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan barcha-tadbirlar ko‘rilishiga ishonch bildiradi”.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Alisher HAMROYEV Hukumat hisobotida ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, sport va turizmni yanada rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi holatiga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

Albatta, bu borada tahsinga sazovor amaliy ishlar qilingan. Ammo Davlat dasturining birinchi chorakdagi ijrosi borasida ayrim kamchiliklar ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatininingmoliyaviy asoslarini takomillashtirishga oid birgina normativ huquqiy hujjat qabul qilingani bois, ushbu masalaga taalluqli barcha vazifalar to‘liq bajarilgan, deb ma’lumot taqdim etilgan. Vaholanki, ayni maqsadni ko‘zlagan birgina Nizomning qabul qilingani bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatininigmoliyaviy asoslari to‘liq takomillashtirildi, deb xulosa qilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, respublika muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, uning yakuni bo‘yicha har bir muzeyning katalogini yaratish nazarda tutilgan, biroq hozirgi kunga qadar ushbu vazifa ijrosi oxiriga yetkazilmagan.

Shundan kelib chiqib, Davlat dasturining ijro etilishi holati yuzasidan Hukumat a’zolarining hisobotini eshitish institutidan ilk bora foydalanilayotganini inobatga olib, kelgusi hisobotlar taqdim etilguniga qadar materiallar va ma’lumotlarni yanada takomillashtirish hamda uning ijrosini belgilangan muddatda sifatli bajarilishini qat’iy nazoratga olish taklifi bildirildi.

Shuningdek, aholi va yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, xotin-qizlarning mehnat bilan bandligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus yo‘nalishi bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, bunda davlat-xususiy sheriklik munosabatlaridan samarali foydalanish takliflarini ilgari surdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat NORBOYEV so‘z olar ekan, fraksiya a’zolari Vazirlar Mahkamasining hisobotini ma’qullagan holda, kelgusida Hukumat tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdi. Ta’kidlash lozimki, davlat ahamiyatiga molik masalalarni bugungi kunda xalq bilan bevosita muhokama qilish, har bir masalada xalqning fikrini o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ushbu jarayonning siyosiy ahamiyati shundaki, xalqimiz o‘z vakillari, ya’ni deputatlar orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini kuzatib, nazorat qilib boradi.

Barcha yutuqlar o‘zimizniki ekanligini bilib, masalaga tanqidiy nuqtai nazardan yondashsak, ko‘rilayotgan masalaning tub mohiyatiga e’tibor qaratsak, ayrim vazifalarning bajarilmasligi yoki kechiktirib bajarilishi, Qaror o‘rniga chora-tadbir loyihasi tayyorlanib, ijrosi qog‘ozda qolayotgani, joylarda dasturda belgilangan vazifalarga sovuqqonlik bilan qaralayotganini ko‘ramiz.

Davlat dasturida belgilangan har bir vazifa, uning ijrosi odamlarni rozi qilishdan iboratdir.

Shu nuqtai-nazardan qaraganda, aholining arzon uy-joylarga bo‘lgan talabi yuqoriligini inobatga olib, qo‘shimcha ravishda uy-joylar qurish chora-tadbirlarini belgilash, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini ta’minlash manzilli dasturining ijrosini amalda to‘laqonli va sifatli ijro qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim.

Kuni kecha Davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga tashrifi, teledasturlarda ikki yilgi lavhalar asosida qiyoslanib ko‘rsatildi. Hamma uchun yopiq Xonobod shahri bugun dunyoga, xalqiga ochilib namoyon bo‘layotgani ham rahbar ishlariga baho berishning indikatori, o‘ziga yarasha tarozisidir.

Fraksiyamiz a’zolari kelgusida Hukumat xisobotlarida ana shunday ijobiy misollar ko‘p bo‘lishiga umid qiladi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Abdug‘ani UMIROV:

— Fraksiyamiz a’zolari fikriga ko‘ra, taqdim qilingan hisobotda mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan eng muhim ko‘rsatkichlar keng yoritib berilgan. Shu bilan birgalikda, kelgusida taqdim qilinadigan hisobotlarda Davlat dasturi ijro muddatlari “yil davomida” deb belgilangan vazifalar ijrosining aniq muddatlarini kiritish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shuningdek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Aytish mumkinki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sohaga doir qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda. Shu bilan birga, sohaga davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar ham yil sayin oshib bormoqda.

Bunda asosiy e’tiborni qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalari faoliyatini yaxshilash orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga hamda aholining ushbu xizmatlardan kengroq foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilayotgani ahamiyatlidir.

Bugungi kunda esa, Prezidentimiz tashabbusi bilan bevosita parlament deputatlari ishtirokida har bir viloyatda tibbiyot sohasida namunali tuman va shahar tashkil etish ishlari boshlab yuborilmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatining Guliston shahri va Boyovut tumanida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni namunali tashkil etish jarayonida ko‘plab masalalar hal etilib, ijobiy natijalarga erishildi.

Shu bilan birga, tahlillar ushbu yo‘nalishda hali qilinishi lozim bo‘lgan qator vazifalar oldimizda turganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, fraksiyamiz fuqarolarning yagona elektron tibbiy kartasini yaratish, “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimini barcha hududlarda qisqa muddatlarda joriy etish ishlarini yakunlash ham zarur, deb bilamiz va bu ishlar doimiy parlament nazoratida bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi.

Ekoharakat deputatlari guruhi a’zosi Siddiq ABDUBOQIYEVning fikricha,Hukumat hisobotidagi ma’lumotlar Davlat dasturi izchillik bilan amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Ammo hali bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham mavjud. Xususan, Hukumat hududlardagi aholi punktlarida ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni haqiqiy holatdan kelib chiqib, tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi, ijrosi yuzasidan parlamentga ma’lumotlarni taqdim etishi lozim. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish konsepsiyasi, O‘zbekistonning Parij bitimiga qo‘shilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish bo‘yicha davlat strategiyasi loyihalarini yanadatakomillashtirish maqsadida ularni parlament a’zolariga taqdim etishi maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, Davlat dasturida belgilangan Orolbo‘yi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish bo‘yicha xalqaro anjumanga tayyorgarlik ishlarini ham kuchaytirish kerak.

Qizg‘in va amaliy ruhda kechgan o‘zaro savol-javoblardan so‘ng deputatlar Vazirlar Mahkamasining 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019-yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ma’qulladilar.

Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturini bajarish bo‘yicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olgan qaror qabul qilindi.



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati
Marta o`qilgan: 607