×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
11:52:53 (GMT +5), yakshanba, 23 - sentabr 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


25 - aprel 2014

O‘zbekiston Respublikasini 2014-yilning I choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli dasturlarning bajarilishini davom ettirish 2014-yilning I choragida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy dinamikasini saqlash va keyingi choraklarda iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning mustahkam asosini yaratishni ta’minladi.

I. Iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlovchi amaldagi strategiyani davom ettirish, buning uchun mavjud zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish

Iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlovchi amaldagi strategiyani davom ettirish, buning uchun mavjud zaxiralar va imkoniyatlardan keng foydalanish shu yilning I choragida yalpi ichki mahsulotning 7,5 foizga oshishini ta’minladi. Inflatsiya darajasining past ko‘rsatkichi va davlat byudjeti profitsitining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foizni tashkil etishi orqali mamlakat makroiqtisodiy barqarorligi yanada mustahkamlandi. 

Sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish va ularning raqobatbardoshligini oshirish, ichki talabni rag‘batlantirish va ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida hisobot davrida sanoat ishlab chiqarishi hajmi jadal o‘sishi ta’minlandi. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,9 foizga, jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 12,8 foizga o‘sdi, sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida iste’mol tovarlari ulushining 2013-yilning birinchi choragidagi 29,5 foizdan 2014-yilning I choragida 34,4 foizgacha o‘sishiga erishildi. 

Natijada shu yilning birinchi choragida YaIM o‘sishining 20 foizdan ortig‘i sanoat rivojlanishi hisobiga ta’minlandi. Bu 2013-yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p (11,6 foiz) demakdir. Sanoatda mehnat samaradorligi 7,2 foizga o‘sdi, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxining o‘rta hisobda 8,8 foizga va yalpi ichki mahsulotdagi energiya sarfini 15 foizga qisqartirishga erishildi. 

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini isloh qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy yuqori samarali agrotexnologiyalarni joriy qilish hamda dehqon va fermer xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarning davom ettirilishi qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti ishlab chiqarish hajmining 6,2 foizga oshishiga xizmat qildi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va turining kengaytirilishi xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan dasturiy chora-tadbirlar barobarida chakana savdo aylanmasi 14,3 foizga, pullik xizmatlar ko‘rsatish 9,1 foizga oshishini ta’minladi. Umuman, joriy yilning I choragida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 11,8 foizga o‘sdi, ularning YaIMdagi ulushi 52,9 foizga ko‘paydi (2013-yilning shu davrida 52,5 foiz).

2014-yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasini 
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari

(2013-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar

O‘sish sur’atlari

Yalpi ichki mahsulot

107,5

Sanoat mahsulotlari

108,9

Iste’mol tovarlari

112,8

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari

106,2

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi

112,4

Qurilish ishlari

115,5

Chakana savdo aylanmasi

114,3

Pullik xizmatlar

109,1

Jami xizmatlar

111,8

II. Investitsiya jarayonining yanada o‘sishi va takomillashtirilishi, sanoatda eng muhim yuqori texnologiyali va zamonaviy obyektlar hamda quvvatlarning ishga tushirilishini ta’minlash

Investitsiya siyosatining faol amalga oshirilishi va eng zamonaviy obyektlar hamda quvvatlarning ishga tushirilishini jadallashtirish natijasida joriy yilning birinchi choragida o‘zlashtirilgan kapital quyilmalarning umumiy hajmi ekvivalentda 2,5 milliard dollarni tashkil etdi va 2013-yilning shu davriga nisbatan 12,4 foizga o‘sdi. 

Investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tufayli yilning birinchi choragida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi yarim milliard dollardan ortdi va 588,6 million dollarni yoki o‘zlashtirilgan umumiy kapital quyilmalar hajmining 23,3 foizini tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmining 89 foizdan ortig‘ini (525 million dollar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi tashkil qildi va 2013-yilning shu davriga nisbatan 1,7 barobar o‘sdi. 

2013-yilning oxirida ijtimoiy soha obyektlari va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etishni to‘la ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining byudjet mablag‘lari hisobidan 24,8 foizga va byudjetdan tashqari fondlar hisobidan 30,6 foiz o‘sishiga ko‘maklashdi. Umuman, davlat byudjetidan iqtisodiyotga ajratilayotgan xarajatlar 37,9 foizga ko‘paydi. 
Shu bilan birga aholining yuqori investitsiyaviy faolligi natijasida aholi mablag‘lari hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 13 foizga ortib, 1,3 trillion so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi. 

Bank tizimining resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsiyaviy faolligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida shu yilning I choragida tijorat banklarining umumiy kapitali 2013-yilning shu davriga nisbatan 24,7 foizga, banklarning umumiy aktivlari 28,9 foizga, mijozlarning banklardagi jalb qilingan depozitlari 30,5 foizga, shu jumladan, aholi mablag‘lari 31,1 foizga ko‘paydi. Bank tizimi kapitalining yetarliligi darajasi 24,3 foizni tashkil qildi, bu esa xalqaro standartlarga nisbatan uch barobar yuqoridir. 

Banklar resurs bazasining o‘sishi iqtisodiyotning real sektori korxonalarini kreditlash hajmini 31,2 foizga oshirish imkonini berdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash ishlarini amalga oshirishga 2,9 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi, bu esa 2013-yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘pdir. 

Kapital quyilmalar umumiy hajmining 66,9 foizi ishlab chiqarish qurilishiga yo‘naltirildi. Natijada shu yilning boshidan buyon qiymati 416,2 million dollarga teng 37 tarmoq loyihasining amalga oshirilishi nihoyasiga yetdi. Jumladan, «O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasida 13, «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi va «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasida 6 tadan, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasida 4, «O‘zkimyosanoat» DAK va Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasida 2 tadan va boshqa loyihalar amalga oshirildi. 

Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlari amalga oshirilishi doirasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha umumiy qiymati 660 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan 876 ta loyihaning amalga oshirilishi yakunlandi. Jumladan, 510 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi. 

Yakunlangan loyihalarning umumiy sonidan yengil sanoatda va to‘qimachilik sanoatida 188 ta loyiha amalga oshirilgan, jumladan, oziq-ovqat sanoatida 261, qurilish materiallari sanoatida 230, mebelsozlik va yog‘ochga ishlov berish sohasida 74, kimyo va neft-kimyo sanoatida 65, mashinasozlik sohasida 29, teri-poyabzal tarmog‘ida 18, elektrotexnika sohasida 6 va farmatsevtika sanoatida 5 loyiha amalga oshirildi. 

Shu yilning I choragida umumiy qiymati 3,3 milliard dollarga teng 36 ta yangi yirik investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi boshlandi. Umuman, investitsiyaviy faollikning o‘sishi qurilish-pudrat ishlari hajmining 15,5 foizga ko‘payishiga xizmat qildi. Investitsiyalar hajmining o‘sishi samarasida, shuningdek, qurilish-montaj ishlarining darajasi va sifatini oshirish, qurilish-pudrat tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida joriy yilda barcha hududlarda 20 yirik ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 

III. Iqtisodiyot tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirish, diversifikatsiya qilish va yangilash jarayonlarini chuqurlashtirish, mamlakatimizda to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish

Sohaviy va hududiy dasturlar doirasida loyihalarning amalga oshirilishi hamda yangi ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarining ishga tushirilishi sanoat tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirish, diversifikatsiya qilish va yangilash jarayonlarini yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashdi. 

Natijada shu yilning I choragida yuqori qo‘shimcha qiymatdagi tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sohalarda, jumladan, mashinasozlik va metallga ishlov berish sohasi (126 foiz), qurilish materiallari sanoati (114 foiz), to‘qimachilik (112,1 foiz) va farmatsevtika (117,7 foiz) sanoatining jadal o‘sish sur’atlariga erishildi. Bu tarmoqlar birgalikda joriy yilning I choragida sanoat tarmog‘idagi qo‘shimcha o‘sishni 70 foizidan ziyodini ta’minladi. 

Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmini kengaytirishni rag‘batlantirish, texnologik uskunalarni xarid qilish va aylanma kapitalni to‘ldirish maqsadida iste’mol mollarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga shu yilning I choragida 801,6 milliard so‘mlik bank kreditlari ajratildi (2013-yilning shu davriga nisbatan 122,8 foiz). Natijada iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmi 12,8 foiz, jumladan, oziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarish 5,3 foiz va nooziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarish 18,7 foizga ortdi.

Ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmi va turlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning faol amalga oshirilishi natijasida joriy yilning I choragida muzlatkichlar, suyuq kristalli televizorlar, tejamkor energiya lampalari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, avtomobil dvigatellari, kultivatorlar, transformatorlar, markaziy isitish radiatorlari, ip-gazlama matolar, poyabzal va teridan tayyorlangan mahsulotlar, meva-sabzavotli konservalar, sut mahsulotlari va boshqa tovarlarning ishlab chiqarilishi sezilarli darajada ko‘paydi. Tayyor tikuv-to‘qimachilik mahsulotlarining 14 yangi turi va 27 modeli, 17 nomdagi yangi dori-darmon mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi va boshqalar. 

Tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha dasturni amalga oshirish doirasida yil boshidan buyon 154 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Jumladan, elektroduxovka, gaz va elektr plitalar, konditsionerlar, boshqa maishiy elektr jihozlari, elektrodvigatellar va nasoslar, mislangan payvandlash simlari, avtomashinalar uchun antifriz, sport maydonlari uchun sun’iy qoplama, rezina asosli kovrolan, yangi turdagi bolalar o‘yinchoqlari, sport anjomlari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Umuman, shu yilning I choragida 352 mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha 439,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, import o‘rnini bosish samaradorligi 197,9 million dollarni tashkil etdi. 

Iqtisodiy nochor korxonalarni restrukturizatsiya qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda ularni yangi mulkdorlarga berish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar doirasida shu yilning boshidan buyon tegishli dasturlarga kiritilgan korxonalarni tiklashga 568,2 milliard so‘mlik investitsiya yo‘naltirildi. Natijada ushbu korxonalarda 668,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 37 million dollardan ziyodi eksport qilindi, 6,1 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida shu yilning boshidan buyon yirik korxonalarda 35,6 million dollarlik 393 dona ma’naviy va jismoniy eskirgan uskuna yangilandi, V-VI innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkalarida tuzilgan shartnomalar doirasida 17 ta yangi texnologiya ishlab chiqarishga joriy qilindi, mahsulotlarning tajriba-sanoat namunalari yaratildi.

Bir qator eksport pozitsiyalari (mineral o‘g‘itlar, suyultirilgan gaz, metalldan yasalgan mahsulotlar, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari va boshqalar) bo‘yicha tashqi bozorlardagi narxlarning noqulay kon’yunkturasiga qaramay, sanoat tarmoqlari raqobatbardoshliligini oshirish va eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmi va turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli shu yilning birinchi choragida eksport hajmining 8,4 foiz ko‘payishiga erishildi. 

Xususan, qiymati 55 million dollarga yaqin 70 dan ziyod yangi turdagi mahsulotlar eksportga chiqarildi. Bularga, jumladan, aralashgan fosforli o‘g‘itlar, ozuqabop ammoniy fosfatlari, radiator tasmasi, kislorodsiz misdan yasalgan turli mahsulotlar, markazdan qochuvchi nasoslar va boshqalar kiradi. Ammiakli selitra, ammofos, molibden, bug‘doy, ip-kalava va boshqa mahsulotlarni eksport qilish hajmi oshdi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kichik biznes korxonalari mahsulotlari eksportini kengaytirish va rag‘batlantirish maqsadida 448 tadbirkorlik subyektiga 207,3 million dollarlik mahsulotlarini eksportga chiqarishda ko‘maklashildi, «O‘ztadbirkoreksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tomonidan kichik biznes korxonalarining 208,6 million dollarlik mahsuloti eksport qilindi. 

Joriy yilning I choragida 2012-2016-yillarga mo‘ljallangan Xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi davom ettirildi. Uning doirasida shu yilning boshidan buyon servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 1,9 mingdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Chakana savdo va umumovqatlanish sohasida 1 mingga yaqin yangi loyihaning joriy etilishi tegishli xizmatlarning 14,6 foizga oshishiga ko‘maklashdi. Maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 500 ga yaqin loyiha amalga oshirilishi natijasida maishiy xizmatlarning hajmi 18 foizga ko‘paydi. 

Mikro va iste’mol kreditini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro standartlar va texnologiyalardan foydalangan holda to‘lov tizimini takomillashtirish, shuningdek, moliyaviy infratuzilma institutlarini rivojlantirishga doir qabul qilingan chora-tadbirlar moliyaviy xizmatlar hajmini 33,6 foizga oshirish imkonini berdi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida yangi xizmat turlarining joriy etilishi va yanada rivojlantirilishi, ATSni raqamlashtirish darajasining oshirilishi, mobil va internet aloqasi xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar sonining ko‘payishi aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmining 23 foizga, komputerli dasturlash xizmatlari hajmining 16,8 foizga oshishini ta’minladi.

Xususan, 2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning I choragida zamonaviy texnologiya asosida keng miqyosda foydalanish uchun 150 kilometrdan ortiq optik tolali tarmoqlar bunyod etildi. ZiyoNET elektron portali kutubxonasida joylashtirilgan ta’lim axborot-resurslarining umumiy miqdori 75 mingdan ortdi. Raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 45 foizgacha yetkazish imkonini berdi.

“2011-2015-yillarda infratuzilma, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi dastur ijrosini ta’minlash doirasida joriy yil boshidan buyon 31,7 kilometrlik temir yo‘llarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, 96 yuk va 7 yo‘lovchi tashish vagoni ishlab chiqarish ishlari bajarildi. Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli ravishda 7,3 million va 4,9 million dollar o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 41,7 milliard so‘m yoki 2013-yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobar ko‘p hamda hukumatimiz kafolati bilan xorijiy qarzlar hisobidan 9,6 million dollar o‘zlashtirildi. 

Joriy yilning I choragida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini texnik va texnologik yangilashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirildi. Yil boshidan buyon 1848,3 gektar maydonda yangi bog‘lar, jumladan, 873,9 gektarda intensiv bog‘lar, 4,7 ming gektar yerda tokzorlar, 48 gektar maydonda 53 issiqxona yaratildi. 3,1 ming gektar maydondagi bog‘lar va 5 ming gektar tokzorlar rekonstruksiya qilindi. 

2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturini amalga oshirish doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini oshirish maqsadida joriy yilning I choragida 179,5 kilometr kollektor, 4 vertikal drenajli quduq, 102 kuzatuv quduqlari va 5,2 kilometr yopiq gorizontal drenaj tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi, 1,8 ming kilometr xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi.

Joriy yil boshidan buyon mamlakatimiz bo‘ylab chorvachilikni rivojlantirishga doir 550 loyiha, parrandachilikni rivojlantirishga doir 262 loyiha, 1,3 ming gektarli sun’iy va 4,6 ming gektarli tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirishga doir 345 loyiha, shuningdek, asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirishga doir 255 loyiha amalga oshirildi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi unumdorligini oshirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning I choragida sabzavot yetishtirish hajmi 10,8 foizga, go‘sht 6 foizga, sut 6,7 foizga, tuxum 13,5 foizga oshdi. Yirik shoxli qoramollar umumiy soni 4 foizga o‘sib, 10,6 million boshni tashkil etdi.

IV. Raqobat muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish

Keyingi yillarda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilashga doir qabul qilingan hujjatlarning amalga oshirilishi natijasida joriy yilning I choragida yangidan tashkil etilayotgan kichik biznes subyektlari soni (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) 7,8 foizga hamda kichik biznes daromadlarining aholi umumiy daromadlaridagi hissasi 44 foizdan 46,3 foizga oshdi, shuningdek, mikrofirma va kichik korxonalarga solinadigan yagona soliq to‘lovi hisobidan davlat byudjetiga tushuvchi mablag‘lar hajmi 22,6 foizga o‘sdi.

Eng ko‘p kichik biznes subyektlari sanoatda (umumiy tashkil etilganlarning 25,7 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (29,2 foiz) va qurilish tarmog‘ida (13,2 foiz) tashkil qilindi. Faoliyat yuritayotgan kichik biznes korxonalarining umumiy soni 2013-yilning shu davriga nisbatan 4,5 foizga o‘sdi.

Kichik ishlab chiqarishlar tashkil qilishga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida hisobot davrida kichik biznes subyektlariga 62 davlat aktivi sotildi, foydalanilmayotgan 15,4 mingta davlat mulki obyekti ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 2,1 trillion so‘m miqdorida yoki 2013-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p kreditlar berildi, xalqaro moliya institutlarining 22,1 million dollarlik kredit liniyalari o‘zlashtirildi (1,2 barobar ko‘p).

Birja savdolari orqali kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan 270,4 milliard so‘mlik (1,8 barobar o‘sish) o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlar sotildi, bu umumiy birja aylanmasining 13,5 foizini tashkil etdi. Kichik biznes subyektlari tomonidan 894,5 milliard so‘mlik (1,5 barobar o‘sish) mahsulot xarid qilindi.

Kichik biznes subyektlaridan elektron savdolari orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari hajmi 63 milliard so‘mni (elektron savdolar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari umumiy hajmining 95,4 foizini) tashkil etdi. Davlat xaridlari bo‘yicha o‘z tovar va xizmatlarini yetkazib berish uchun ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes subyektlarining umumiy soni 8754 tani tashkil etdi yoki 2013-yilning shu davriga nisbatan 10,4 foizga o‘sdi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarning joriy etilishi hisobiga 17,9 milliard so‘mlik yoki 21,4 foiz byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.

Statistik, soliq, moliyaviy va boshqa hisobotlarni topshirishning elektron tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 88,6 foizi statistik hisobotlarni, 95 foizi soliq hisobotlarini elektron shaklda topshirmoqda. Bojxona postlarida kontaktsiz elektron shakllarning joriy etilishi bojxona yuk deklaratsiyalarining 95 foizga yaqinini elektron aloqa kanallari orqali rasmiylashtirish imkonini berdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir dasturiy choralarning ko‘rilishi yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushini 41 foizga (2013-yilning I choragida 40,5 foiz), sanoatda 26,8 foizga (26,4 foiz), pullik xizmatlar ko‘rsatishda 42,7 foizga (37,2 foiz), bandlikda 76 foizga (75,5 foiz) oshirishga xizmat qildi.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, joylarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “yagona oyna” mexanizmlarini joriy etishni kengaytirishga doir chora-tadbirlarni davom ettirish hamda ruxsat berish tartibotlarini elektron shaklga o‘tkazishni jadallashtirish maqsadida joriy yilning aprel oyida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609 sonli farmoni) hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni soddalashtirishga (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 15-apreldagi PQ-2164 sonli qarori) doir ikki dasturiy hujjat qabul qilindi.

Mazkur hujjatlarga muvofiq tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvni yanada qisqartirish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash uchun mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan 46 chora-tadbirni amalga oshirish, ruxsat berish xarakteridagi 22 hujjatni bekor qilish hamda ellikdan ortiq litsenziyalanadigan faoliyat turi va ruxsat berish tartibotini soddalashtirish va arzonlashtirish ko‘zda tutilgan.

V. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash, uy-joy qurish va aholi yashash maskanlarini obodonlashtirish

Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning I choragida 227,9 mingta ish o‘rni, jumladan, qishloq joylarda 137 mingdan ziyod (umumiy miqdorning 60,3 foizi) yangi ish o‘rni yaratildi.

Yangi tashkil etilgan ish o‘rinlarining 145 mingdan ziyodi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida, 11,8 ming ish o‘rni mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va rekonstrutsiya qilish, 50,4 ming ish o‘rni kasanachilikning barcha shakllarini rivojlantirish hisobidan, 2,9 ming ish o‘rni iqtisodiy nochor va ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash hisobidan, 14,4 ming ish o‘rni ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarida, jumladan, avtomobil va temir yo‘llar qurish (rekonstruksiya qilish), aholi istiqomat qiluvchi maskanlarni obodonlashtirish hisobidan tashkil etildi.

Hududlar kesimida eng ko‘p ish o‘rni Farg‘ona (22,1 ming ish o‘rni), Samarqand (20,1 ming), Qashqadaryo (20,4 ming), Andijon (19,1 ming), Toshkent (19,4 ming) viloyatlarida va Toshkent shahrida (20,8 ming) tashkil etildi.

Joriy yilning I choragida aholining iqtisodiy faolligi mamlakat bo‘yicha umumiy hisobda ish haqi 18,7 foiz, pensiyalar o‘rtacha hajmi 19,3 foizga oshishiga xizmat qildi.

Hisobot davrida Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurish hamda yangi qishloq massivlarini zamonaviy ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilda 11 mingta yangi shinam uylarni qurish va foydalanishga topshirishni jadallashtirishga doir choralar ko‘rildi. Umuman, joriy yilning I choragida 1884 ming kvadrat metr (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 104,8 foiz), jumladan, qishloq joylarda 1353,6 ming kvadrat metr uy-joy (106,1 foiz) foydalanishga topshirildi.

«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturida belgilangan jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, barkamol avlodni tarbiyalashga doir chora-tadbirlarni faollik bilan amalga oshirish boshlanib, joriy yilning birinchi choragida bu tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. 

Joriy yilning 17-yanvarida bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarining izchil va samarali amalga oshirilishi joriy yilning I choragida mamlakatimizda barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish hamda iqtisodiyotning tashqi bozorlardagi beqaror kon’yunkturaning salbiy ko‘rinishlariga qarshi bardoshliligini oshirish imkonini berdi.

2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti barqaror rivojlanishini ta’minlash borasidagi eng muhim vazifa iqtisodiyot tarmoq va sohalarini rivojlantirishga doir tasdiqlangan o‘rta muddatli dasturlar ijrosini jadallashtirish uchun mavjud barcha zaxira va imkoniyatlarni ishga solish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshliligini yanada oshirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini mustahkamlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, pirovardida, aholi bandligi va daromadlarining muttasil oshishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat. 



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi
Marta o`qilgan: 5815