O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — Press-reliz
×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:53:07 (GMT +5), chorshanba, 15 - avgust 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


15 - fevral 2014

Deputatlar Ombudsman hisobotini eshitdilar

14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Ushbu masala yuzasidan S.Rashidova ma’ruza qildi.

Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat hokimiyati organlarining faoliyati ustidan parlament nazorati Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri ekani ta’kidlandi, shu sababli bu masala parlament vakillari uchun katta ahamiyatga ega. Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, qonun hujjatlari, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash mexanizmlarining takomillashtirilishiga ko‘maklashishga qaratilganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ushbu sohadagi qonun hujjatlarining takomillashtirilishida, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda, inson huquqlari sohasida jamoatchilik ongini oshirishda ishtirok etdi. Deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati hokimiyatning qonunchilik, ijro etuvchi va sud tarmoqlari, fuqarolik jamiyatining institutlari, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilganligini ta’kidladilar. Hisobot yilida Ombudsman tomonidan 15 dan ortiq qonun loyihasining inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilik hujjatlariga, xalqaro standartlarga muvofiqligi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Ombudsmanning Qonunchilik palatasi bilan o‘zaro hamkorligi nafaqat qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga, balki nazorat-tahlil faoliyatida ishtirok etishga, qonunchilik hujjatlariga rioya qilish monitoringi yakunlari bo‘yicha axborot almashishga qaratildi.

Fuqarolarning shikoyatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqish Ombudsman faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Hisobot davrida fuqarolardan jami 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi, ularning 7,7 mingtasi Ombudsmanning markaziy idorasiga, deyarli mingta ariza va shikoyat esa mintaqaviy vakillarga yuborildi. Elektron pochta orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilish amaliyoti kengaytirilmoqda. Ombudsman va uning xodimlari shaxsiy qabulida fuqarolarning deyarli 1,4 mingta murojaati ko‘rib chiqildi. Ularning barchasi amaldagi qonun hujjatlariga qat’iy muvofiq holda ko‘rib chiqildi.

Savollarga javob berilganidan keyin Ombudsman hisoboti batafsil muhokama etildi. Muhokama chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar o‘zining saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda ijtimoiy hayotning eng muhim sohalarini erkinlashtirish jarayonlarini yanada mustahkamlash va fuqarolarning huquqlari va erkinliklari sohasidagi kafolatlarni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustuvor ekanligini ta’kidladilar. Parlament vakillari O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonuni normalaridan kelib chiqib, har bir inson uchun oshkoralik va qulaylik uning faoliyatining asosiy prinsiplari bo‘lishi lozimligini qayd etgan holda, Ombudsmanning fuqarolar huquqiy madaniyatini va huquqiy ongini oshirish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish va sud tuzilmalari bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash masalalariga to‘xtaldilar.

Partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda ta’kidlandiki, Ombudsman bundan buyon ham tashkilotlarning xatti-harakatlari bo‘yicha, shu jumladan, xususiy mulk egalarining huquqlarini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirish va unga noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish masalalariga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Deputatlar fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan bildirilgan masalalar albatta hisobga olinishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilish va fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha faoliyatini o‘rganish fuqarolar murojaatlari institutining muhimligiga yana bir bor ishonch tug‘dirishini alohida qayd etdilar. Deputatlarning fikricha, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash inson huquqlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholi bilan aloqalarini mustahkamlashning muhim vositasidir.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar davlat organlarining, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish tuzilmalarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini munosib darajada huquqiy ta’minlash masalalariga urg‘u berdilar. Shu munosabat bilan fraksiya vakillari fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini, xususan, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari tegishli ravishda ko‘rib chiqilmasligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish masalalarini takomillashtirish yuzasidan Ombudsman va Qonunchilik palatasi deputatlarining yaqin hamkorligini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Ombudsmanning uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi haqidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha faoliyatini yanada chuqurlashtirish masalasini ko‘tardilar. Fraksiya vakillari Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilishda mahalliy hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar kiritdilar.

O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi a’zolarining fikricha, oxirgi yillarda fuqarolarning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir murojaatlarining soni oz bo‘lsa-da, oshayotgani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan deputatlar guruhi maqsadli tadbirlarni tashkil etgan holda, aholining ekologiya sohasidagi huquqiy bilimi va ongini oshirish masalalari yuzasidan Ombudsman bilan hamkorlikni bunday buyon ham davom ettirish istagini bildirdi.

Deputatlar muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladilar hamda tegishli qaror qabul qildilar.



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati
Marta o`qilgan: 3267