×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
06:05:31 (GMT +5), payshanba, 18 - oktabr 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


19 - fevral 2014

Deputatlar dolzarb qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

18-fevral kuni deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamacini davom ettirdilar.

Parlament a’zolari birinchi o‘qishda kiritilayotgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi 2010-yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taklif etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida asoslab berilgan edi.

Qonun loyihasi fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Unda siyosiy plyuralizmni, mamlakatimizda va xorijda yuz berayotgan voqealar haqidagi fikrlarning xilma-xilligini inobatga olgan holda, jamoatchilikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish tartib-taomili belgilab berilmoqda, davlat organlari faoliyatining, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatining, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan foydalanishini ta’minlashdan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining va mansabdor shaxslarining qabul qilinadigan qarorlar uchun javobgarliligini oshirishdan, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborot tarqatish tartibini belgilashdan iborat qonunning asosiy vazifalari belgilangan.

Qonun loyihasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari tartibga solingan. Ular tomonidan taqdim etiladigan axborotning hamma uchun qulayligi va ishonchliligi, ular faoliyatining oshkoraligi, axborot izlash, olish va tarqatish erkinligi, fuqarolarning izzat-nafsiga tajovuz qilinganda, shaxsiy hayotiga aralashilganda ularning himoyalanish bo‘yicha huquqlari va manfaatlariga, yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborot taqdim etishda o‘z obro‘-e’tiborini himoya qilishga oid huquqlariga rioya qilish shular jumlasidandir.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishiga muvofiq 2013-yil mart-dekabr oylarida Samarqand va Buxoro viloyatlarida parlament amaliyotida ilk marotaba ushbu qonun loyihasining normalari sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilganligi qayd etildi. Eksperimentdan ko‘zlangan maqsad qonun loyihasining huquqiy qoidalarini yanada takomillashtirish, qonun loyihasi normalari amalga oshirilishining davlat boshqaruvi tizimi barqaror faoliyat olib borishiga, ushbu sohada axborot xavfsizligini ta’minlashga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirlarini baholashdan iborat bo‘ldi.

Huquqiy eksperiment chog‘ida qonun loyihasi qoidalarini amaliy jihatdan qayta ishlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha uning normalari samaradorligini baholash, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni erkin olishi bo‘yicha talay chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Deputatlar, siyosiy partiyalar, NNT, OAV vakillari huquqiy eksperiment tadbirlarini amalga oshirishda faol ishtirok etdilar.

Huquqiy eksperimentning o‘tkazilishi amaliyotda shuni yana bir bor ishonchli tarzda ko‘rsatdiki, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini kengaytiradi, shu bilan bir qatorda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifati uchun javobgarligini ko‘p jihatdan oshiradi. Umuman olganda, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.

Qonun loyihasini har tomonlama muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Qonun loyihasida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatni maqbullashtirish va birxillashtirish, shuningdek, ushbu sohadagi qoidabuzarlik uchun yuridik javobgarlik chora-tadbirlarini belgilash jarayonlarini bundan keyin ham huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida rahbarlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlash sohasidagi vakolatlari ro‘yxatini belgilash masalasini aniqroq ishlab chiqish to‘g‘risida takliflar kiritildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining a’zolari ijtimoiy hayotni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish jarayonlari, shuningdek, qonun loyihasi konsepsiyalarining mamlakatimiz siyosiy partiyalarining asosiy dasturiy hujjatlariga muvofiqligini ta’minlash uchun qabul qilinayotgan qonun loyihasining o‘ta muhimligini qayd etdilar.

Barcha takliflar har tomonlama muhokama etilganidan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qulladi va uni birinchi o‘qishda qabul qilib, hujjatni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlashni mas’ul qo‘mitaga topshirdi.

Shundan keyin deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun loyihasida xo‘jalik sud ishlarini yuritishni yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarining vaqtini tejash va xarajatlarini kamaytirish, sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishning huquqiy normalari belgilab berilgan.

Munozaralarda bugun xo‘jalik protsessual qonunchilik hujjatlarida videokonferensiya-aloqa tizimlaridan foydalanish orqali majlislar o‘tkazish imkoniyati hali ham nazarda tutilmaganligi bildirildi. Amaldagi normalarga muvofiq ishlarni ko‘rib chiqish ishni ko‘rib chiquvchi sud joylashgan yerda o‘tkaziladigan sud majlisida amalga oshiriladi. Bunday tartib sud joylashgan yerdan boshqa hududda joylashgan taraflarning, ish kassatsion instansiya sudida ko‘rib chiqilganda esa ikkala tarafning ko‘p vaqti va mablag‘lari sarflanishi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan qonun loyihasida nazarda tutilgan o‘zgartishlarning kiritilishi ushbu jarayon ishtirokchilariga, shu jumladan, sudda ishi ko‘rib chiqilayotgan, boshqa hududda joylashgan tadbirkorlik subyektlariga o‘zlari joylashgan hududdan chiqmagan holda sud jarayonlarida ishtirok etish, ularning moliyaviy va vaqt bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirish imkoniyatini beradi.

Deputatlar ta’kidladilarki, umuman, videokonferensiya-aloqa tizimining joriy etilishi sud orqali himoya qilish huquqlarini amalga oshirish uchun qulayroq shart-sharoitlar yaratib beradi, odil sudlovni ta’minlaydi, shuningdek, butun xo‘jalik sudlari tizimining faoliyatini tashkil etish va bu faoliyat ustidan nazorat qilishda Oliy xo‘jalik sudi faoliyatining samaradorligini oshiradi.

Shundan so‘ng Qonunchilik palatasi majlisida kun tartibining keyingi bandi ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, 2013-yil 28-dekabrda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida bayon etilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish doirasida ishlab chiqilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi. Amaldagi qonun hujjatlarini qabul qilingan qonunga muvofiqlashtirish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbuskor guruhi tomonidan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlandi. Xususan, qonun loyihasi mamlakatimizning bir qator qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutmoqda.

Umuman olganda, qonun loyihasining qabul qilinishi normalar va qoidalarning nomuvofiqligiga barham berish, huquqiy tartibga solishning, ekologik nazorat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi atamalar va ta’riflarni qo‘llashning birxilligini ta’minlash imkonini beradi. Savollarga javob berilganidan keyin va qonun loyihasi har tomonlama muhokama etilganidan so‘ng deputatlar uni konseptual jihatdan ma’qullab, birinchi o‘qishda qabul qildilar. Mas’ul qo‘mitaga hujjatni keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash vazifasi topshirildi.

Majlisda Qonunchilik palatasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.



Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati
Marta o`qilgan: 4165