O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — Press-reliz
×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:52:51 (GMT +5), chorshanba, 15 - avgust 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


12 - dekabr 2013

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2013-yil 12-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisining birinchi kunida senatorlar to‘qqizta masalani ko‘rib chiqdilar. Ularning beshtasi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolar, shu jumladan bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, shuningdek, katta ijtimoiy ahamiyatga ega boshqa masalalarni hal etishga qaratilgan qonunlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamasi chog‘ida senatorlar qabul qilingan qonunlar davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bayon etilgan, jumladan, 2014-yilning Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament yuqori palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Masalani ko‘rib chiqish vaqtida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatning qabul qilinishi inson huquqlari va uning manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan, olib borilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil etgan davlatimiz insonparvarligining yana bir yorqin ko‘rinishi ekanligini qayd etdilar.

Oliy Majlis Senatining Qarorida sudlangan ayollarni, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlarning fuqarolarini, shuningdek, bir qator boshqa toifalarni jazodan ozod qilish (nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda) nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Qarorda shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qarorning amal qilishi tatbiq etilmaydigan shaxslar toifalari belgilangan.

Senat o‘zining Qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qo‘llanish tartibini belgilagan bo‘lib, unda amnistiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilinadigan shaxslarga doir ishlar va materiallarni sud tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilangan. Shu bilan birga senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, shuningdek, uni ijro etish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini ta’minlashda faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, jazodan ozod qilinayotgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, ular to‘liq hisobga olinishi va ishga joylashtirilishini ta’minlash, yolg‘iz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish, voyaga yetmaganlarni ota-onalar, homiylik va vasiylik organlari nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yuborish ham nazarda tutilmoqda.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjetini ko‘rib chiqdilar va tasdiqladilar. Davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjeti makroiqtisodiy barqarorlikni hamda mamlakat YaIMning yuqori sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashga, diversifikatsiya qilingan va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga, aholi farovonligi va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilganligi strategik ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. 2014-yil Davlat byudjeti Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan mamlakat Hukumatining joriy yil 18-yanvardagi majlisida belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining asosiy ustuvor vazifalarini ro‘yobga chiqarishni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Senatorlarning fikricha, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi uchun soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini ko‘paytirish va uni mustahkamlash, soliq solish ob’ektlarini kamaytirib ko‘rsatish va yashirish faktlarining oldini olishga qaratilgan soliq ma’muriyatchiligi choralarini kuchaytirish soliq siyosati sohasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda.

Soliq yukini yanada qisqartirish bo‘yicha eng muhim chora-tadbirlar sifatida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 9 foizdan 8 foizga tushirish nazarda tutilmoqda. Natijada yuridik shaxslar ixtiyorida qo‘shimcha 130 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ qoladi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha daromad solig‘i solish shkalasining eng kam stavkasini 8 foizdan 7,5 foizgacha pasaytirib, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobidan bir foiz miqdoridagi mablag‘larni fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkazish tartibini saqlab qolish nazarda tutilmoqda.

Muhokama asnosida senatorlar alohida ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjati ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qilinadigan xarajatlarni ko‘paytirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va sportni moliyalashtirishni, shu jumladan oliy o‘quv yurtlarining o‘quv-laboratoriya binolarini, sport zallarini va talabalar yotoqxonalarini qurishni, rekonstruksiya qilishni, mukammal ta’mirlashni va jihozlashni moliyalashni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan. Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurishga, shu jumladan qishloq joylarda barpo etilayotgan yangi turar-joy massivlari uchun avtomobil yo‘llari, suv ta’minoti ob’ektlarini va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurishga zarur mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Senatorlarning chiqishlarida soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, 2014-yilgi Davlat byudjetining parametrlari umuman mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning strategik dasturiga mos ekanligi alohida ta’kidlandi. Iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolishga, sanoat tarmoqlarini, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha faol investitsiya siyosatini davom ettirishga, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan. Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjetini tasdiqladilar va tegishli qaror qabul qildilar.

Senatorlar 2014-yilga mo‘ljallangan soliq siyosati konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlarini ijro etish yuzasidan, shuningdek, bir qator qonun hujjatlarining normalarini bir xil qo‘llanish uchun ularni aniqlashtirish maqsadida tayyorlangan “Soliq va byudjet siyosatining 2014-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar qayd etganlaridek, Qonun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va butun iqtisodiyot zimmasiga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirishga, soliq solish tizimini soddalashtirishga, mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlashga va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar hududlarning va iqtisodiyot tarmoqlarining imkoniyatlarini ishga solish, mehnat resurslaridan demografik omillarni hamda iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda oqilona foydalanish, bandlikning samarali shakllarini rivojlantirishga butun choralar bilan ko‘maklashish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbusini rag‘batlantirish yo‘li bilan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks va o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ham ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Dastur Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, mehnat bozorining hozirgi va kelgusidagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga, aholi bandligi, tegishli maqsadli dasturlarni ishlab chiqish sohasidagi davlat siyosatining prinsiplariga hamda xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Dasturda yangi yirik sanoat ob’ektlarini ishga tushirish, ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, qishloq joylarda xususiy uy-joylar qurishni hamda qurilishda pudrat ishlarini rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarish, fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, aholini infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga hamda obodonlashtirish ishlariga jalb etish, tashkil etilayotgan ish o‘rinlarining saqlanib qolishini va barqaror ishlashini ta’minlash, xotin-qizlarni, nogironlarni va boshqa aholi toifalarini, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlarni ishga joylashtirish, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikning, hunarmandchilik, xizmatlar va servis sohasining rivojlanishini yanada rag‘batlantirish, kasanachilikni kuchaytirib borish va boshqalar hisobiga 2014-yilda 983,6 mingta ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Dasturni ro‘yobga chiqarish doirasida ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga alohida e’tibor beriladi. 2014-yilda Dastur parametrlariga muvofiq tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlariga, shuningdek, mavjud bo‘lgan va zaxira qilingan ish o‘rinlariga kasb-hunar kollejlarining qariyb 500 ming nafar bitiruvchisini ishga joylashtirish mo‘ljallangan.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqib, ma’qulladilar. Majlisda qayd etilganidek, Byudjet kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjati ekanligi, u qonunchilik bazasining va uni huquqiy qo‘llash tizimining yagonaligini ta’minlashi ko‘rsatib o‘tildi.

Byudjet kodeksi butun byudjet jarayonini (Davlat byudjetini shakllantirish, tasdiqlash, ijro etishni hamda nazoratni ta’minlashni) yagona va yaxlit qonun hujjatida tizimlashtirishni, Davlat byudjetini ham, byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarni ham tartibga solishning yagona prinsiplarini qo‘llanishni, byudjet jarayoni barcha qatnashchilarining vakolatlarini hamda ularning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini belgilashni, shuningdek, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirib, mahalliy byudjetlarning daromadlar manbalarini mustahkamlab qo‘yishni, barcha darajalardagi byudjetlar o‘rtasida vakolatlarni taqsimlashni va ularning o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi.

Kodeksda amalga oshirish manbalari va mexanizmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat byudjeti bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari va sohalari, shu jumladan grantlar va texnik hamkorlik mablag‘larini jalb etish, ulardan foydalanishni monitoring va nazorat qilish tartibi, davlat tomonidan xorijdan mablag‘ jalb qilish va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi, moliyaviy nazoratni, shuningdek, davlat moliyasi tizimida buxgalteriya hisobi va hisobotini ta’minlash mexanizmi belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, Byudjet kodeksining qabul qilinishi amaldagi Soliq kodeksi bilan birgalikda davlat moliyasining yagona birxillashtirilgan, xalqaro standartlarga mos bo‘lgan qonunchilik bazasini shakllantirishga, byudjet sohasidagi huquqiy munosabatlarni tizimlashtirishga, shuningdek, byudjet jarayonining hamma bosqich va darajalarida yagona huquqiy normalar va yondashuvlar qo‘llanilishini, mamlakat byudjet tizimining ochiq-oshkoraligini va barqarorligini ta’minlashga imkon beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Ushbu Qonun amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, ularning ayrim normalarini O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida”gi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, shuningdek, ayrim qonun hujjatlari, shu jumladan “Byudjet tizimi to‘g‘risida”gi, “Davlat byudjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida”gi qonunlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda.

So‘ngra senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan bir guruh deputatlari tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, muhokama qilishda keng jamoatchilik ishtirok etgan ushbu Qonunda ekologik nazoratning boshqa sub’ektlari va ishtirokchilari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlariga (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT) atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, atrof-muhitning holatini kuzatish va boshqa masalalarda ishtirok etish borasida vakolatlar berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi ekologik nazoratning samaradorligini oshirishga, davlat muassasalari, fuqarolik institutlarining bu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirishga, shuningdek, ta’sirchan ekologik nazoratni amalga oshirishda, atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim davlat dasturlarini bajarishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va NNT rolini mustahkamlashga yordam beradi.

Senatorlar “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini ijro etish yuzasidan ishlab chiqilgan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Majlisda qayd etilganidek, o‘tgan davrda mamlakatimizda vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning, shu jumladan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali, ko‘p bosqichli tizimi yaratildi, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy jihatdan xavfli holatga tushib qolgan bolalarni aniqlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, sudlarda va boshqa muassasalarda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning manfaatlarini muhofaza qilish sohasida yaxlit normativ-huquqiy baza yaratildi va u rivojlanib bormoqda.

Senatorlarning fikricha, bu sohada amal qilib turgan qonun hujjatlarining qoidalarini birlashtiradigan yagona, maxsus qonunning qabul qilinishi vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning, eng avvalo yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, vasiylik va homiylik organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.


Marta o`qilgan: 6738