Ulan-Batorda Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi
2024-yilning 7-may kuni Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Amartuvshin Gombosuren boshchilik qildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirishga, shuningdek, Mo‘g‘uliston Prezidentining joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifiga alohida e’tibor qaratildi.
Mo‘g‘uliston tomoni O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va qonunchilik sohasini takomillashtirish, milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun mavjud salmoqli salohiyatni ro‘yobga chiqarishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.
Madaniy-gumanitar va turistik almashinuvlarini faollashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.