Tashqi ishlar vazirligida hindistonlik kuzatuvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Hindiston Global tadqiqotlar instituti prezidenti Ashok Sajjanxar hamda «Krishna Group» kompaniyasi rahbari Asvat Kumar Reddi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda parlament saylovlariga tayyorgarlik yuqori darajada tashkil etilgani, siyosiy jarayonlar demokratik qadriyatlar, ochiqlik, tenglik, oshkoralik tamoyillari asosida o‘tayotganini ta’kidlab, so‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan o‘zgarishlar va tub islohotlarga guvoh bo‘lishganini qayd etishdi.
Shuningdek, muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida siyosiy, mintaqaviy xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika hamda turizm sohalarida munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.