Samarali uchrashuvlar va muzokaralar: muvaffaqiyatli hamkorlik va kelishuvlarga yo‘l

Vazir Baxtiyor Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida ishtirok etish maqsadida Nyu-York shahriga tashrifi dasturi yakunlandi.
Sessiyaning so‘nggi kunlarida Avstriya, Botsvana, Rossiya, Kuvayt, Liberiya, Togo, Belarus, Kipr, Finlyandiya, Nikaragua, Bagama orollari, Chexiya, Braziliya, Xorvatiya, Ozarbayjon, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Hindiston, Hamdo‘stlik mamlakatlari tashqi ishlar idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash masalalari, turli shakldagi bo‘lajak tadbirlar jadvali, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb mavzular va boshqa ko‘plab masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
- O‘zbekiston va Avstriya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- O‘zbekiston va Botsvana o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike;
- O‘zbekiston va Liberiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike;
- O‘zbekiston va Togo Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike;
- O‘zbekiston va Bagama Orollari Hamdo‘stligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike;
- O‘zbekiston va Indoneziya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida Ikki tomonlama maslahatlashuvlar qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumi.
Vazir B.Saidov BMT Sivilizatsiyalar alyansi tomonidan tashkil etilgan “Madaniyatlararo va dinlararo muloqot orqali barqaror rivojlanish uchun tinch va inklyuziv jamiyatlar yaratishga ko‘maklashish” mavzusidagi yuqori darajadagi panel muhokamalarida ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo va AQSH tashqi ishlar vazirlarining “C5+1” formatidagi uchrashuvida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri nutq so‘zlab, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistikani mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi. aloqalarni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va farovonlikni mustahkamlash, ekologik o‘zgarishlar oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.