Qatarning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2024-yilning 15-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Qatar Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar Afg‘oniston bo‘yicha O‘zbekiston-Qatar hamkorligining bugungi holatini muhokama qildilar. Bu yo‘nalishda muntazam muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik ta’kidlandi. 

Suhbat chog‘ida joriy yilning fevral oyida Qatar poytaxti Doha shahrida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish raisligida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarning uchrashuviga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tadbir jahon hamjamiyatining Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha samarali yechimlarni taklif etish va harakatlarini muvofiqlashtirish, afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.