O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida O‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim imzolanishiga doir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rtasidagi kelishuvga asosan, 2024-yil 1-dekabr kuni Chendu shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.
Mazkur xalqaro shartnoma O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududlariga o‘zaro vizasiz safar qilishlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun 30 kungacha muddatga viza talablaridan ozod qilinadi.
Mazkur xalqaro shartnoma tomonlar zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganidan so‘ng kuchga kiradi.