BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining mintaqaviy vakili bilan uchrashuv to‘g‘risida
2024-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida noqonuniy giyohvand moddalarni iste’mol qilish va savdosini kamaytirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish, terrorizmga qarshi kurashishda mintaqa davlatlarining tegishli idoralari bilan hamkorlikda ishlarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
O.Shtolpe O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy yaxlit pozitsiyasini rivojlantirish, mamlakatda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, shuningdek, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy aloqalarni davom ettirish va fikr almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.