BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan yana bir rezolyutsiyani qabul qildi

2024-yil 13-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qildi.

Mazkur rezolyutsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon” milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda Davlatimiz rahbarining Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida iqlim o‘zgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bildirgan asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.

Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘iliston, Marokash, O‘mon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.

Rezolyutsiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama ko‘rsatilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi, jumladan. kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.

Rezolyutsiyaning o‘ziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi so‘nggi ilmiy yo‘nalishlarga muvofiqligidir. Ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish maqsadida BMTga a’zo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.