Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar oʻrinbosari bilan uchrashuv

2023-yil 11-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar oʻrinbosari Yosikava Yuumi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqotda avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, turli darajalarda rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi. Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan “Doʻstlik ligasi” mamlakatlar oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshgani qayd etildi.

“Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqoti doirasida transport, logistika, qayta tiklanadigan energiya, suvdan samarali foydalanish va ekologiya sohalaridagi qoʻshma loyihalarni ilgari surish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekani maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston va Yaponiyaning xalqaro institutlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlandi.

Taʼlim, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.