Xitoy Elchisi bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2023-yil 4-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Szyan Yanni qabul qildi.
Muloqot chogʻida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni turli sohalarda yanada mustahkamlash, jumladan, XXR Raisi Si Szinpinning 2022-yil sentabr oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali yanada mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
BMT, SHHT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki tomonlama va koʻp tomonlama shakldagi boʻlajak tadbirlar jadvali va kun tartibi muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.