Vengriyada O‘zbekiston Elchixonasining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi
2023-yil 27-mart kuni Budapesht shahrida mamlakatimiz Elchixonasi ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, yurtimiz diplomatik vakolatxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bevosita O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va Vengriya hukumati rahbarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov, Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto, iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, shuningdek, keng jamoatchilik, siyosiy, ishbilarmon doiralar vakillari, mahalliy OAV xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekistondan borgan sanʼat ustalarining dilrabo kuy va taronalari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
B.Saidov o‘z nutqida mamlakatimiz ochiq, pragmatik, tinchliksevar tashqi siyosat yuritayotgani, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar rivojlanib borayotgani, xususan, Vengriya bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
O‘z navbatida, Peter Siyyarto O‘zbekiston Elchixonasining ochilishi ikki tinchliksevar mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish surʼatining yorqin tasdig‘i ekanini, Elchixona faoliyati o‘zaro hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni har jihatdan boyitishga xizmat qilishini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari faol taraqqiy etib, mutlaqo yangi surʼat kasb etmoqda. Vaqt sinovidan o‘tgan do‘stona munosabatlar bugun strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Xalqlarimiz asrlar osha uzviy tarixiy aloqalarga ega bo‘lib, mustahkam do‘stlik va madaniy hamkorlik rishtalarini saqlab kelmoqda. Ikki tomonlama amaliy hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik natijasida yana-da kengaymoqda. Shu o‘rinda BMT va YXHT bilan bir qatorda Turkiy davlatlar tashkilotini ham alohida taʼkidlab o‘tish o‘rinli.
Elchixona binosi Budapesht shahrining markaziy hududida joylashgan bo‘lib, u ko‘hna va zamonaviy arxitektura talablarini mujassam etgan.