Tojikiston Tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar to‘g‘risida

Ertaga bo‘ladigan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi arafasida 2023-yil 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun yaqin hamkorlik qilishga tayyorligi tasdiqlandi.

Oliy va yuqori darajadagi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali va ularning turli jihatlari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, transport sohasidagi hamkorlik va hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekistonning IHTdagi raisligi tuzilma faoliyatiga yangi sur’at bag‘ishlab, Tashkilot makonida o‘zaro manfaatli sheriklikni barcha yo‘nalishlarda jadallashtirishga xizmat qilgani qayd etildi.