TIVda YXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2023-yil 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YXHT DIIHB) saylovni kuzatish missiyasi rahbari Ursula Gachek bilan uchrashdi.
Vazir oʻrinbosari U.Gachekni joriy yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish boʻyicha YXHT DIIHB missiyasi o‘z ishini boshlagani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda DIIHB kuzatuvchilar missiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonidagi ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar uzoq muddatli va samarali hamkorlikni, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligini takomillashtirish doirasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Oʻzbekiston Prezidenti saylovini kuzatish missiyasining faoliyati doirasida konstruktiv hamkorlikka ikki tomon ham tayyor ekani alohida taʼkidlandi.