Oʻzbekiston TIV rahbari Slovakiya Elchisidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi
2023-yil 31-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Slovakiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Viktor Boretskiyni qabul qildi.
Uchrashuv davomida Slovakiya diplomatik vakolatxona rahbarining ishonch yorliqlari nusxasini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
B.Saidov Elchini yuksak va masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, Oʻzbekiston-Slovakiya munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlida samarali faoliyat hamda muvaffaqiyatlar tiladi.
Muzokaralar doirasida iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishga oʻzaro tayyorlik tasdiqlandi. Taʼkidlanganidek, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ikki mamlakatning mavjud iqtisodiy imkoniyatlari, inson va ishlab chiqarish resurslari darajasiga muvofiq emas. Shu nuqtayi nazardan, savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Slovakiya idoralararo komissiyasining majlisini oʻtkazish zarurligi qayd etildi.
Elchi rasmiy Bratislava Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida, shuningdek, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida bitim tuzishni jadallashtirishda qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashildi. Qoʻshma tadbirlar va yuqori darajadagi oʻzaro tashriflarning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.