O‘zbekiston TIV rahbari Ozarbayjon elchisini qabul qildi
2023-yil 3-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyevni qabul qildi.
Uchrashuvda oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish, avtomobilsozlik, neft-kimyo, yenergetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.