O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri AQShga tashrif buyurdi
2023-yilning 3-7-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan AQShda bo‘ldi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri AQSh Prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner, Nyu-York meri Erik Adams, AQSh Senatining Ichki xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Gari Piters, Jahon banki vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda AQShning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida axborot-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Amerika IT-assotsiatsiyasi “TechBridge” loyihasiga start berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh Kongressi kutubxonasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ham ishtirok etdi.