Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axboroti
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlogʻida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi.
Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarimizni tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga koʻchirish va mamlakatimizga olib kelishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 3-6-fevral kunlari Kahramanmarash shahrida 20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida erkin kurash boʻyicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi taʼlim markaziga vaqtinchalik joylashtirildi va ularning Oʻzbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.
2023-yil 7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlganini afsus va chuqur qaygʻu bilan qayd etamiz. Tashqi ishlar vazirligi marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga oʻz hamdardligini bildiradi.
Bundan tashqari, toʻrt nafar hamyurtimiz bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Hozirda zilzila oqibatida zarar koʻrgan fuqarolarimizga tegishli yordam koʻrsatish va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan boʻlib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin +90-538-035-85-34.