YXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari bilan uchrashuv

2022-yil 1-avgust O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov YXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdrahmanovni qabul qildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YXHT va uning institutlari bilan o‘zaro hamkorligi sezilarli darajada faollashgani va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.

Oliy komissar mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish borasida olib borilayotgan siyosatni yuksak baholadi. Ayniqsa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik siyosati mintaqa xalqlari va elatlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda ijobiy o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.

Q.Abdrahmanov O‘zbekistonda barcha millat va elat vakillarining bilim olishi, mehnat qilishi, ijodiy qobiliyat va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilganini qayd etdi. Jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning ustuvor maqsadlaridan biri etib belgilanganini olqishladi.

Tomonlar barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.