Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari konferensiyasi to‘g‘risida

2022-yil 23-fevral kuni Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning hududida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamda mintaqaviy saʼy-harakatlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev o‘z nutqida mamlakatimizning Afg‘onistonga nisbatan yuritayotgan siyosati, uning asosiy jihatlari, jumladan, mamlakat yangi hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv ishtirokchilari Afg‘onistondagi og‘ir insonparvarlik vaziyatdan xavotirda ekanliklarini qayd etib, boshqa davlatlarni ham ushbu mamlakat xalqiga mazkur xayrli ishga qo‘l urishlariga chorladilar.

Afg‘onistonning yangi rasmiylari keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish bo‘yicha o‘z vaʼdalari va xalqaro majburiyatlarini bajarishi, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishi, shuningdek, mamlakat hududining xalqaro terrorchilar boshpanasiga aylanishining oldini olishi zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan Maxsus vakillar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Termiz shahrida Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun Ko‘ptarmoqli transport-logistika xabini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.

Ushbu shakldagi muloqotni Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahatlashuvlar va hamkorlik platformasi sifatida muntazam ravishda davom ettirishga kelishib olindi.

Tadbir yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.