Yevropa Ittifoqi maxsus vakillari bilan uchrashuv
2022-yilning 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Teri Xakala hamda YIning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus elchisi Tomas Niklassonni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston yo‘nalishidagi munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yilning 23-fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari maslahat uchrashuvining tashkiliy jihatlari va kun tartibidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘on inqirozini hal qilishda xalqaro hamjamiyatning yaxlit yondashuvini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekistonning Termiz shahrida Afg‘onistonga insonparvarlik yordam yetkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro xab tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Turli darajadagi bo‘lajak ikki tomonlama va mintaqalararo tadbirlar jadvali bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.