Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuv toʻgʻrisida

2022-yil 23-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) raisi Nobuxiko Sasaki bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi investitsiya va savdo aloqalari, metallurgiya, kimyo va toʻqimachilik sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

JETRO raisi Oʻzbekistonning Yaponiya bozoriga eksportini oshirish, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va inson kapitalini rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ikki mamlakat taʼlim va ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Vladimir Norov Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillarini Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan iqtisodiy tadbirlarda, xususan, ikkinchi Toshkent investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.