Yaponiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida

2022-yil 29-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Hayashi bilan uchrashdi.

V.Norov mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston tomoni umumiy mentalitet, an’ana va qadriyatlar asosida alohida ishonch va o‘zaro hamjihatlik kasb etgan Yaponiyani yaqin do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan hamkor sifatida bilishini ta’kidladi.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklikning 20 yilligi nishonlanayotgan yilda Yaponiya Tashqi ishlar vazirining yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davlatlararo hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlashi, aloqalarni mustahkamlash uchun istiqbolli yo‘nalishlar va rivojlanishning yangi o'sish nuqtalarini belgilash imkonini berishi ta’kidlandi.

Yaponiya delegatsiyasiga Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xalqaro maydonda erishilayotgan muvaffaqiyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi va turli darajadagi bo‘lajak muloqotlar jadvali muhokama qilindi. Tomonlarning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi strategik sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga tayyorligi bildirildi.

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti samaradorligini transport-logistika borasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, shuningdek, ekologiya, taʼlim, fan va sogʻliqni saqlash sohalarida boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali yuksaltirish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.