Yaponiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
Tokioda Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov va Yoshimasa Xayashi oʻrtasida uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tomonlar bugun boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo + Yaponiya muloqotining 9-yigʻilishi yakunlarini ijobiy baholadilar.
V.Norov Oʻzbekiston logistika, transport bogʻliqligi, taʼlim va yashil energiya sohalaridagi oʻzaro manfaatli loyihalarni ilgari surish boʻyicha muloqot doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini taʼkidladi.
Oliy va yuqori darajadagi aloqalar natijasida erishilgan kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
2023-yilga moʻljallangan tadbirlar jadvali, jumladan, Oʻzbekiston-Yaponiya vazirliklararo maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi koʻrib chiqildi.
Ikki mamlakat xalqaro institutlar doirasida muloqotni davom ettirishi va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlandi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Yo.Xayashining taʼkidlashicha, Yaponiya ishbilarmon doiralari Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va raqobat muhitini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni ijobiy qabul qilib, mamlakatimiz bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni, jumladan, hukumat tomonidan suveren kafolatlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni kengaytirishga tayyor. Bunday turdagi birinchi loyiha Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida Yaponiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida bugʻ-gazli elektr stansiyasini qurish boʻladi.
Oʻzbekiston kompaniyalarini yapon brendlari ostida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish tarmogʻiga kiritish orqali toʻqimachilik sanoatida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, turizm va madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.