Yaponiya Taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri bilan uchrashuv

2022-yil 23-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakat Taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Keyko Nagaoka bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga talab katta boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, qoʻshma madaniy-gumanitar tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

K.Nagaokaning soʻzlariga koʻra, Yaponiya tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taʼlim, oʻquv muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi islohotlarni amalga oshirishni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

Oʻzbekistonda yapon texnologiyalari va mutaxassislarini jalb qilgan holda professional taʼlim muassasasini (yapon tilida “kosen”) ochish, texnik mutaxassisliklar boʻyicha magistrlar tayyorlash boʻyicha hukumatlararo bitim tuzish orqali oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalasida ish boshlash, shuningdek, mamlakatimiz oʻqituvchilari va tadqiqotchilari uchun treninglar va stajirovkalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oʻz navbatida, V.Norov Oʻzbekistonning maktabgacha va maktab dasturlarini takomillashtirish, oʻqitish metodikasi va zamonaviy darsliklar yaratish boʻyicha Yaponiya tajribasini oʻrganishga qiziqishi haqida maʼlumot berdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, ikki mamlakat jamoatchiligini bir-birining boy madaniy-tarixiy merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida rejalashtirilgan tadbirlarning tashkiliy jihatlari muhokama qildilar.