“Valday” xalqaro munozara klubining dasturiy direktori bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 17-iyun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov “Valday” xalqaro munozara klubi (Rossiya Federatsiyasi) dasturiy direktori Timofey Bordachyovni qabul qildi.
V.Norov mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida ko‘p qirrali va keng ko‘lamli hamkorlikda misli ko‘rilmagan o‘sish sur’atlari kuzatilib, bu ikki davlat rahbarlari belgilab bergan ishonchli strategik siyosatning yorqin ifodasidir.
Davlatlararo munosabatlarning ijobiy sura’ti ikki mamlakat ilmiy tahliliy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston va Rossiya “aql markazlari” faol va konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, turli masalalar yuzasidan fikr va tahliliy tajriba almashilmoqda. Yirik qo‘shma tadbirlar tashkiliy va mazmunan yuqori darajada tashkil etilib, ularning yakunlari bo‘yicha aniq asosga ega takliflar ishlab chiqilmoqda.
T.Bordachyov Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar dasturi jarayoni va bu borada erishilgan natijalariga yuksak baho berar ekan, respublika siyosiy-huquqiy tizimi, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma'naviy hayoti tubdan o'zgarganini e’tirof etdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasining zamonaviy tashqi siyosatining g‘oyat muhimligi, buning natijasida mamlakat dunyoning barcha davlatlari va xalqaro institutlar bilan teng huquqli, pragmatik hamda konstruktiv munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgani alohida ta’kidlandi.