Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Yoshlar Kengashining 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
O‘zbekistonning 2021-2022-yillarda ShHTga raisligi doirasida joriy yilning 9-10-iyun kunlari Toshkent shahri Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Yoshlar kengashining 15-yig‘ilishi bo‘lib o'tadi.
Yuqori darajadagi uchrashuvda ShHT Yoshlar kengashining aʼzo davlatlardagi masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar, SHHT va Yoshlar kengashi Kotibiyatlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda 3,2 mlrddan ortiq aholi istiqomat qiladigan ShHTning ulkan hududida yoshlarning salmog‘i 55% dan ziyodroq. Bugungi axborot asri hamda globallashuv jarayonida rivojlanayotgan mamlakatlar qatorida ShHT davlatlarining iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan o‘sishi va tarraqqiy etishida yoshlarning tutgan o‘rni eʼtiborga molikdir.
Bu borada ShHT Yoshlar kengashining Toshkentdagi yig‘ilishi ham dunyo jamoatchiligining katta eʼtiborini tortmoqda. Zero, ushbu yig‘ilish mazkur tashkilotning mintaqada yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda bandligini taʼminlash bo‘yicha birgalikda yoshlar uchun yangi dastur va loyihalarni ishlab chiqish, qolaversa ushbu loyiha va dasturlarni hamkorlikda amalga oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini o‘z ichiga olganligi so‘zimizning yaqqol dalilidir.
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ushbu yig‘ilish mazmuniy tadbirlarga boy ekanligi bilan ajralib turadi. Xususan, uchrashuv doirasida O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Unicorns SCO: ShHT yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihalar tanlovi”ning final bosqichi g‘oliblarini tantanali mukofotlash marosimi tashkil etilib, unda SHHTga aʼzo mamlakatlarning Yoshlar kengashi faollari ishtirok etishi kutilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida shuni taʼkidlash joizki, Startap tanlovi SHHTga aʼzo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlarning iqtidorli yoshlari o‘rtasida o‘tkazilmoqda. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning startap loyihalarini amalga oshirish orqali mintaqa rivojiga o‘z hissallarini qo‘shishga ko‘maklashish hamda ularning bu saʼy-harakatlarini rag‘batlantirishdir.
Shunigdek, Toshkent uchrashuvida ishtirokchilar SHHTga aʼzo mamlakatlarda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va mavjud imtiyozlarga bag‘ishlangan aniq faktlar va natijalarni o‘z ichiga olgan maʼruzalar bilan tanishadilar.
Bundan tashqari, yoshlar sohasidagi innovatsion va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, yosh mutaxassislar uchun o‘zaro tajriba almashish maydonlarini yaratish, ularning salohiyatini oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashiladi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha SHHT Yoshlar kengashining 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.