Tojikiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv

2022-yil 17-noyabr kuni Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” xalqaro konferensiyasi doirasida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashuv o'tkazdi.

O'zbekiston-Tojikiston do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari, turli sohalardagi strategik sheriklik va ittifoqchilikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat rahbarlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli so'nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda misli ko'rilmagan yutuqlarga erishilgani ta'kidlandi. 

Tomonlarning oliy darajadagi kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyorligi haqida xabar berildi.

Parlamentlar, hukumatlar va tarmoq vazirliklari orqali faol muloqot o'tkazish muhimligi ta'kidlandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlash ko'rsatkichlarini yanada oshirish, ikki mamlakat mintaqalarining to'g'ridan-to'g'ri aloqalarini qo'llab-quvvatlash, energetika, sanoat, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha takliflar, shu jumladan O'zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi mablag'lari hisobidan ko'rib chiqildi. 

Suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish va barqaror transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Xalqaro institutlar doirasidagi tomonlarning o'zaro hamkorligi, shuningdek, mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.