Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi tashkil etildi
Madaniyat, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport va turizm, gumanitar aloqalar sohalarida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi tashkil etildi.
Yangi bo‘linma O‘zbekiston Respublikasining belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tashqi siyosiy vazifalarini amalga oshirish, sivilizatsiyalarning global muloqotida O‘zbekistonning faol pozitsiyasini taʼminlash va O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imidjini ilgari surishda muvofiqlashtiruvchi o’rin tutadi. Xorijiy muzey fondlari, arxivlari va kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonning milliy madaniy va ilmiy meroslarini izlab topish, qaytarish, shu jumladan asl nusʼhalarning dublikatlarini olish orqali qaytarishda ishtirok etadi. O‘zbek tili, madaniyati, tarixi, adabiyotini xorijda o‘rganish va taqdim etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadi. Boshqarma vakolatiga kiruvchi yo‘nalishlar bo‘yicha talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, oliy o‘quv yurtlari o’rtasida va akademik shartnomalar hamda memorandumlar tuzish choralarini ko‘radi.
Yangi boshqarma faoliyatida “yumshoq kuch”, xalq, madaniy va sport diplomatiyasi vositalaridan keng foydalanishga ustuvor ahamiyat beriladi.
2022-yil 1-iyuldan vazirning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Anvar Abdurahimovich Abduxalimov bir vaqtning o‘zida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi boshqarma boshlig‘i etib tayinlandi.