Shvetsiya Elchisi bilan uchrashuv

2022-yilning 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Shvetsiya Qirolligining Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida joylashgan) etib tayinlangan Tomas Danestadni qabul qildi.

O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari ishonch yorliqlarini qabul qilib olar ekan, Elchini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, unga yuksak va mas’uliyatli lavozimdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Shvetsiya kun tartibi hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari  muhokama qilindi.

Siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni faollashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.