ShHT Bosh kotibi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan ShHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning ShHTga raisligidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekiston raisligida Tashkilotning shu kungacha 40 dan ortiq tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etdi hamda joriy yilning may-sentabr oylariga mo‘ljallangan yuqori darajadagi uchrashuvlarning tashkiliy masalalari va kun tartibini muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan ShHT doirasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular Tashkilot kun tartibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda boyitishga xizmat qilmoqda. Xususan, ShHTga aʼzo davlatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha ilk bor vazirlar yigʻilishlari tashkillashtirildi. 17-may kuni esa Toshkent shahrida oʻsimliklar karantini boʻyicha masʼul idoralar rahbarlarining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
ShHT Bosh kotibi asosiy voqea – 2022-yil 15-16-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimiz tomonidan Samarqand sammitini mazmunan boyitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholadi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar bo‘lajak sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlarni kelishish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
ShHT faoliyatini yanada rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat ham ko‘rib chiqildi.