Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili bilan muzokaralar
2022-yilning 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Zamir Kabulov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiyaning afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va boshqa ko‘mak borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning mamlakatning yangi hokimiyatiga nisbatan umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish, Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish, mamlakatda transport va energetika sohasida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
O'zbekiston va Rossiyaning afg'on mavzusi bo'yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishdan birday manfaatdor ekani ta'kidlandi.