Qirg'iziston Elchisi bilan uchrashuv to'g'risida
2022-yil 25-aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Vladimir Norov Qirg'iz Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Musa Jamanbayevni qabul qildi.
Elchining ishonch yorliqlarining nusxalarini qabul qilar ekan, V.Norov uni mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog'ida O'zbekiston-Qirg'iziston yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalari ko'rib chiqildi. Tomonlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yanada jadallashtirishga tayyorligi ta’kidlandi.
Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi, shuningdek, oliy, yuqori va mintaqalararo darajalardagi bo'lajak tadbirlar jadvali ko'rib chiqildi.
BMT, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.