O'zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan ta'lim va fan sohalarida hamkorlikni jadallashtirishdan manfaatdor
Samarqand shahrida o’tkazilgan "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvi kun tartibidagi masalalardan biri "Ta'lim, fan va innovatsiya" deb nomlandi. Mazkur mavzu yuzasidan nutqida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bugungi kunda xalqlarimiz o'rtasida inson va, ayniqsa, yoshlarning barkamol rivojlanishiga ko'maklashish maqsadida gumanitar va ta'lim aloqalarini chuqurlashtirish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Uchrashuv ishtirokchilari yangi O'zbekistonda yoshlar va bolalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni jismoniy va ma'naviy tarbiyalash, sifatli ta'lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijalari bilan tanishdilar.
Ta'lim sohasidagi hamkorlik ijobiy sur’atlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda O'zbekistonning universiteti 43 ta hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 58 ta universiteti ishtirokida 18 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston tomonining "Erasmus+" va "Ufq Yevropa" dasturlari doirasida Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni jadallashtirishdan manfaatdorligi bildirildi. Bu borada, jumladan, ilg'or Yevropa ta'lim metodologiyasini joriy etish, qo'shma tadqiqotlar o'tkazish, innovatsion transfer salohiyatini oshirish, raqamlashtirishni rag'batlantirish, bulutli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish muhimlig ta’kidlandi.
Shu bilan birga, oliy ta'lim tizimini uyg'unlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining Boloniya jarayoniga mintaqaviy ishtirokchi sifatida kirishi masalasini ko'rib chiqish uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Hamkorlikning ilg'or tajribalarini tahlil qilish va tarqatish maqsadida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari universitetlari o'rtasida netvorking-vositasini yaratish taklif qilindi. Muntazam tarzda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida oliy ta'lim vazirlari uchrashuvi va rektorlar forumini tashkil etish tashabbusi e'lon qilindi.