Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligi Adliya sohasida ham kengayadi
2022-yil 23-dekabr kuni tashrif bilan Tokioda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yaponiya Adliya vaziri Ken Sayto bilan uchrashdi.
K.Sayto Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, qonun ijodkorligi jarayonlarini modernizatsiya qilish, qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash, xalq bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy tavsifladi.
Sud-huquq sohasida Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, tomonlarning huquqni qoʻllash amaliyoti hamda tergov-tezkor tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha ilgʻor amaliyoti boʻyicha tajriba va axborot almashishdan manfaatdorligi qayd etildi. Ikki davlat prokuraturasi oʻrtasida memorandum imzolash, huquqni muhofaza qilish sohasi boʻyicha kadrlar tayyorlashda taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan takliflar koʻrib chiqildi.
Migratsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlarda Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligi boʻyicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.