O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar

2022-yil 8-iyun kuni Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvi doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashdi. 

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash yuqori sur’atlarda o‘sayotgani alohida ta’kidlandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xususan, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ustuvor loyihalarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin va samarali muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, kun tartibi va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ikki qardosh xalq farovonligi yo‘lida strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish yo‘lidan qat’iy sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.

Suhbat an’anaviy do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.