O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

6-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbatda davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo‘shni Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki mamlakat yetakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdilar.

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga bundan buyon ham birgalikdagi sa’y-harakatlarni qaratishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.